Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi “Shahidlar xotirasi” majmuasida ustoz ijodkor, taniqli adib Xayriddin Sulton qalamiga mansub “Yaldo kechasi” nomli tarixiy roman taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida qatag‘on qurbonlari xotirasiga Qur’on tilovat qilindi.
Aytish kerakki, mazkur asar mamlakatimiz adabiy hayotida o‘ziga xos voqelik bo‘lgani bilan ahamiyatli.

Yangi kitob taqdimoti O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi, Abdulla Qodiriy uy-muzeyi kabi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilib, unga yozuvchi va shoirlar, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar, adabiyotga qiziqishi baland talaba-yoshlar taklif etildi.
Taqdimot tadbirida ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan san’at, madaniyat, adabiyotni rivojlantirish, jadidchilik harakatining tarixi, ushbu harakat vakillarining hayoti, faoliyatini o‘rganish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda jaholatga qarshi kurashishning muhim vositasi sifatida badiiy barkamol asarlarni yaratish borasida ijod ahli tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Arxiv materiallari, tarixiy hujjatlarni puxta o‘rganish natijasida istiqlol uchun jonini fido etgan ma’rifatparvar bobolarimiz hayotiga oid yangi asarlar yaratilmoqda.

Manbalarga ko‘ra, yaldo kechasi yilning tuni eng uzun bo‘lgan kun sanalib, u taxminan 21-22 dekabr sanalariga to‘g‘ri keladi. “Yaldo kechasi” romanining taqdimoti ham aynan shu sanada, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tutash hududda o‘tkazilgani ham bejiz emas. Zero, o‘tgan asrning 30-yillarida ilgarilari Alvastiko‘prik deb atalgan ushbu joyda millat oydinlarining umri xazon bo‘lgan. O‘sha davrlarda xalqimiz boshiga tushgan qora kunlarni, ma’rifatparvar yurtdoshlarimiz repressiya qilingan davrni adog‘i ko‘rinmas tunga qiyoslasak, xato qilmaymiz.

– “Yaldo kechasi” romani “O‘tkan kunlar” romani kabi to‘laqonli, qayg‘uli, shu bilan birga nekbin asar, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Asarni o‘qigan odam beixtiyor tarix bilan yuzlashadi. Bu g‘aroyib roman boshdan oxir millatparvarlik, Vatanga muhabbat, xalqqa sadoqat tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan. Biz asar qo‘lyozmasini bundan bir yil avval o‘qib, har tomonlama muhokama qildik. Roman haqida adiblarimiz Ibrohim G‘afurov, Erkin A’zam, Tursunali Qo‘ziyev, Shuhrat Sirojiddinov, Bahodir Karimov, Nurboy Jabborov, Shuhrat Rizayev, Jabbor Eshonqul, Murtazo Qarshiboyev, Xondamir Qodiriy, G‘ayrat Majid, G‘afur Shermuhammad, Ikrom Iskandarov singari ijodkorlar o‘z fikrlarini bildirganlar. Mashhur “O‘tkan kunlar” romanining davomi sifatida yozilgan bu asar avvalo Abdulla Qodiriy va uning safdoshlari shaxsiga yuksak ehtirom namunasi o‘laroq, dunyoga kelganini ta’kidlash joiz.

Chindan ham, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarini o‘qigan kitobxon adog‘i yo‘q iztiroblar girdobida qolishi, qalbi hayajon va qayg‘uga, alamlarga to‘lishi tayin. Ayni paytda bu romanning nihoyasi o‘quvchida asarning davomi bormikan, degan qiziqishni yuzaga keltirishi, kitobxonni oxiri yo‘q o‘y-xayollar ummoniga g‘arq etishi shubhasiz.
–“O‘tkan kunlar” romanining ilk nashri chiqqaniga 100 yil to‘ldi, – dedi adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev. – Mana shu davrda “O‘tkan kunlar” tom ma’nodagi mumtoz asar sifatida xalqimizning ijtimoiy, ma’naviy, madaniy hayotiga chuqur singib ketgan. Shubha yo‘qki, bu asarni o‘qigan har bir avlod o‘zini sinamoq, o‘zini topmoq uchun undan juda ko‘p ibratlar oldi. Nazarimda bu asar hozirgi avlodlarga ham kuch-quvvat, ruh bermoqda. “Yaldo kechasi” romani “O‘tkan kunlar” asarining xotimasidagi qisqa tafsilot asosiga qurilgan. Xotimada “Yozg‘uvchidan” deb aytilgan kichkina axborot tarzida berilgan ma’lumotnomaga suyanib, butun bir katta asar yuzaga keldi. Bu kitob Otabekning zurriyodi Yodgorbek va uning farzandlari Ozodbek va Odilbekning taqdiri misolida o‘sha davr hayotini keng ko‘lamda tasvirlaydigan o‘zbek adabiyotida mutlaqo yangi, original asar.
Asar muallifi, ustoz adib Xayriddin Sultonning e’tiroficha, ushbu asarda el-yurtimizning bundan bir yarim asr avvalgi iztirobli tarixi mujassam.
Ushbu asar mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ochiqlik va erkinlik siyosatining amaliy hosilasi sifatida dunyoga keldi. Asar istiqlolimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, Vatanga, mustaqillik g‘oyalariga sadoqat ruhini yosh avlodga singdirishdek ezgu maqsad-muddaolarni o‘zida ifoda etishi bilan qadrlidir.
Darhaqiqat, ko‘p yillik ijodiy faoliyati davomida Abdulla Qodiriyni o‘ziga ma’naviy pir deb bilib, qalam tebratib kelayotgan taniqli ustoz yozuvchi Xayriddin Sulton tomonidan tarixiy hujjatlar asosida yaratilgan badiiy to‘qima “Yaldo kechasi” romani uchun asos bo‘lib xizmat qilgan.
Kitobning mas’ul muharriri, atoqli adib va tarjimon, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov asarni zamonaviy o‘zbek adabiyotida tamomila kashfiyot deb baholagani e’tiborga molik.
Anjuman davomida yangi asar, uning badiiy, tarixiy qiymati va ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri