Yakuniy nazorat imtihonlari jamoatchilik nazoratida
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali ham ayni amaliyotni yoʻlga qoʻydi.
Xabaringiz bor, 2020-yil 18-yanvar kuni Bosh prokuraturada Bosh prokuror N.Yoʻldoshev raisligida oʻtkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yigʻilishida oliy taʼlimdagi korrupsiya holatlari, asosan, talabalik safiga qabul qilish, oʻqish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning oʻqish joyini koʻchirish, oʻqish yoʻnalishini oʻzgartirish hamda oʻqishga qayta tiklashda korrupsiya holatlari kuzatilayotganligi koʻrsatib oʻtilgan edi.
Oʻqish jarayonida topshiriladigan turli sinovlarda adolatsizlikka yoʻl qoʻymaslik maqsadida bir qator oliy taʼlim muassasalari imtihonlarni jamoatchilikni jalb etgan holda oʻtkazmoqda.
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali ham ayni amaliyotni yoʻlga qoʻydi.
Hozirda filialda 2019/2020 oʻquv yili kuzgi semestrida oʻtilgan fanlardan yakuniy nazorat imtihonlari oʻtkazilmoqda. 2020-yil 13-yanvardan har bir fan boʻyicha talabalarda tegishli bilim, koʻnikma va malakalar shakllanganligi darajasini nazorat qilish va tahlil qilib borish maqsadida yakuniy nazorat imtihonlari tashkil etilmoqda.
Ularning ochiq va shaffofligini taʼminlash maqsadida esa ota-onalar va jamoatchilik ishtirok etmoqda.
Navbatdagi imtihonlar 22, 24 va 27-yanvar kunlari oʻtkaziladigan boʻlib, unga barcha xohlovchilar taklif etilgan.
Shuni alohida qayd etib oʻtish lozimki, har bir fan boʻyicha nazorat turlaridan oʻtkazilayotgan imtihonlar aniqlik, haqqoniylik, ishonchlilik hamda bilimlarni baholashda shaffoflikni taʼminlash kabi asosiy tamoyillarga amal qilgan holda tashkil etilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida talabalarning bilimini xolis va adolatli baholashga xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, filial diplomining mavjudligi ichki ishlar organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida maxsus kasbiy tayyorgarlikni oʻtmasdan, “leytenant” maxsus unvoni berilgan holda xizmatga qabul qilish uchun asos boʻladi. Bu oliy taʼlim muassasasida oʻqishni tamomlagan shaxslar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimida kamida 5 yil ishlab berishlari majbur.