Beshariq tumani Farg‘ona viloyatining eng chekka hududi sanalsa, Yakkatut qishlog‘i ushbu tumanning qo‘shni Tojikiston bilan chegarasidagi olis manzilda joylashgan.
Kuni kecha mazkur qishloqda zamonaviy tibbiy klinika foydalanishga topshirildi.
Yakkatutda 6 mingdan ziyod aholi istiqomat qilsa, uning atrofidagi aholi punktlarida 20 mingga yaqin vatandoshimiz istiqomat qiladi. Binobarin, ixtisoslashgan tibbiy xizmatga talab yuqori. Yangi klinikada ortopediya, travmatologiya, fizioterapiya va terapiya yo‘nalishlarida malakali mutaxassislar zamonaviy diagnostika va davolash apparatlari ko‘magida aholining sog‘lig‘ini himoyalashni maqsad qilgan.
– Tibbiy muassasamizning loyiha qiymati jami 14 milliard so‘mga teng, - deydi “Ixlos med sentr” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli tibbiy muassasa rahbari Salohiddin Arslonbekov. – Birinchi navbatda moliya muassasalarining valyuta kreditlari hisobidan davolash-diagnostika jihozlari keltirildi. Shuningdek, reabilitatsiya hamda laboratoriya bo‘limlari, qolaversa, fizioterapiya, jarrohlik zallariga keltirilgan jihozlar ham eng zamonaviylaridan sanaladi.
Prezidentimiz farmon va qarorlari asosida tibbiyotning xususiy sektoriga berilgan e’tibor va imkoniyatlar tufayli Beshariq tumanning o‘zida bugunga kelib 20 ta xususiy tibbiyot maskani va klinikasi faoliyat olib bormoqda. Ularda 400 dan ziyod koyka – joy mavjud bo‘lib, qishloq aholisi birlamchi tibbiy xizmat barobarida uning ixtisoslashgan turlaridan samarali foydalanish imkoniga ega bo‘lmoqda.
[gallery-3154]
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA