Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yakkasaroyda o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi
18:48 / 2026-02-04

Har qanday sohaning salohiyati uning ko‘rsatadigan amaliy natijasiga qarab baholanadi. Negaki, mutaxassis qanchalik nazariy bilimga ega bo‘lmasin, basharti uni amaliyotga tatbiq etolmasa, uning malakasi tan olinmaydi. Ayniqsa, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha xodimlar soha yuzasidan ulkan amaliy tajribaga ega bo‘lmog‘i shart.

Shu maqsadda Yakkasaroy tumani hududida joylashgan issiqlik elektr markazida “Tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlarda ob’ekt rahbariyati, qutqaruv tuzilmalari hamda FVDqT xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.

Mazkur mashg‘ulot Yakkasaroy tuman hokimligi va tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamkorligida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari S.Zuparov, Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, shuningdek, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi va issiqlik elektr markazi xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi va muhim infratuzilma ob’ektlarini tabiiy hamda texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, favqulodda holatlarda mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanish mexanizmlarini amaliyotda sinovdan o‘tkazishdan iborat.

Mashg‘ulot davomida ishtirokchi tashkilotlarning o‘z vazifalarini puxta va professional darajada bajarish qobiliyati, tezkorlik hamda jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalari baholanib, kelgusida faoliyat samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar berildi.

Qayd etish lozimki, bunday mashg‘ulotlar nafaqat amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash, balki turli xizmat va tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga zamin yaratadi.

Sherbek Islomov, O‘zA