Bahorning go‘zal bayramlaridan biri Navro‘zi olam shodiyonasi Qashqadaryo ailoyatining barcha hududlarida “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda.

Xususan, viloyatning Yakkabog‘ tumanida ham ushbu bayramga puxta hozirlik ko‘rilib, tuman markazidagi istirohat bog‘ida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bahor fasli boshlanishi bilan butun borliq uyg‘onadi. Tabiat go‘zallikka burkanadi. Ana shu fayzli bahor tongini barcha xushkayfiyatda qarshi oladi. Xalqimiz tabiat uyg‘onishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lgan Navro‘zi olamni sho‘x-shodon qarshilaydi. Ulug‘ bayramni barcha qatori yakkabog‘liklar ham ko‘tarinkilik bilan qarshiladi.

Erta tongda yangragan karnay-surnay sadolari barchani Yakkabog‘ tuman Markaziy o‘yingohiga chorladi. Bayramda tumandagi 63 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari dasturxonlarga milliy taomlardan qo‘yib, “Ko‘klam ne’matlari” ko‘rgazmasi tashkil etildi.
— Bayram arafasida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar uchun 63 million 800 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi, –deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Yakkabog‘ tumani bo‘linmasi vakili G‘ayrat Turopov. – Shuningdek, ehtiyojmand va nogironligi bo‘lgan shaxslarning oilasidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Mahallalar hamda qabristonlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Kam ta’minlangan uch nafar xotin-qizga tikuv mashinasi berildi. 120 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Tuman hokimi Lutfiddin Abdullayev barchani bayram bilan tabriklab, amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtaldi. San’atkorlarning chiqishlari bayramga fayz kiritdi. Poytaxtdan tashrif buyurgan el sevgan san’atkorlarning dilrabo kuy-qo‘shiqlari tuman ahlini quvontirdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.