Yakkabog‘ tumanida qurilish bilan bog‘liq noqonuniy holat aniqlandi
DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB hamda IJQKD viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yakkabog‘ tumani hokimligi xodimi mahalliy qurilish firmasi vakilidan noqonuniy tarzda 370 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs Yakkabog‘ tumanidagi ikkita maktabgacha ta’lim tashkilotida rejalashtirilgan 5 mlrd. 250 mln. so‘mlik kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha loyihani tenderda yutib berish evaziga ushbu summaning 7 foizini talab qilgan.
Shuningdek, tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan Yakkabog‘ tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimi ham ushlangan.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA