Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun yangi huquqiy tartib yaratiladi
10:35 / 2025-09-03

Yangi qaror

Har bir soha, har bir hudud, har bir mahalla – faqat tadbirkor harakat qilganida, ularga quloq tutib, ishonch bildirilganida rivojlanadi, obod bo‘ladi. Bu so‘zlarni 20 avgust kuni Prezidentimiz tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda alohida ta’kidladi.

Joriy yil 12 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Yashirin iqtisodiyot ulushini sezilarli darajada qisqartirish, soliq solish bazasini kengaytirish, jismoniy shaxslar uchun qonuniy faoliyatning jozibadorligini oshirish yo‘lida qabul qilingan mazkur qaror xususida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Umidbek САФАРОВнинг fikrlariga qiziqdik.

– Tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan har qanday shaxs uchun yangi davr boshlandi, – deya fikrini boshladi U. Safarov. – Ma’lumki, Prezidentimizning 12 avgustda “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi va unda yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2026 yilning 1 yanvaridan yangi huquqiy tartib yaratiladi. 

Xo‘sh, buning mohiyati qanday, yangi huquqiy tartib deganda nimani tushunish mumkin? Bu shuni anglatadiki, endi tadbirkorlar o‘zining 1 milliardgacha bo‘lgan aylanma mablag‘idan bor-yo‘g‘i bir foiz miqdorida soliq to‘lashi belgilab berildi. Buni esa maxsus platforma orqali amalga oshirish mumkin, ya’ni, masalan mobil ilova yaratilib, u orqali Face-ID bilan ro‘yxatdan o‘tiladi. Yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yo‘nalishini belgilab turib, tadbirkorga aylanish mumkin. 

Qulaylik tomoni shundaki, tadbirkorda ortiqcha javobgarliklar bo‘lmaydi. Ya’ni soliq hisobotlarini tadbirkorning o‘zi topshirmaydi. Mazkur qaror orqali soliq hisobotlarini tadbirkor uchun platforma egalari topshiradi va javobgarlikni oladi. 

Tadbirkordan esa platforma orqali mahsulot sotayotganda QR-kod orqali ro‘yxatdan o‘tkazish so‘raladi, xolos. Bu orqali platforma siz uchun hisoblashni boshlaydi. Tadbirkorlar endi mana shunday imkoniyatlardan foydalanadigan kunlarga ham yetdi. 

Bundan tashqari, bilamiz, elektron “koshelyok”lar bor. Bunda yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tilgach, yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bankka borib, hisob-kitob ochishga hojat yo‘q. O‘sha platformada sizga elektron "koshelyok" ochiladi. Uning bankdagi hisob raqamingiz bilan huquqiy maqomi bir xil bo‘ladi. Bunda tadbirkor mablag‘ni elektron "koshelyok"ka tushirishi va istagan joyga o‘tkazishi yoki naqd shaklda olishi mumkin.

Bu platforma yana qanday qulaylik yaratadi, degan savol tug‘iladigan bo‘lsa, aytish mumkinki, turli shartnomalarni, hisob raqam qog‘ozlari va dalolatnomalarni ham shu orqali shakllantirish mumkin. Qarorda belgilanganidek, bular imzolangan qog‘ozlarga tenglashtirilgan hujjat hisoblanadi.

Yana bir qulaylik esa tadbirkor ishchilarni Face-ID orqali rasmiylashtirib qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. Ularga to‘lanadigan maoshni istasa kunligini kunda berishi ham mumkin. Bunda ishchi-xizmatchilardan olinadigan daromad solig‘ini ham platformaning o‘zi tashkil qiladi. 

Darhaqiqat, Prezidentimiz islohotlarining ilk kunlaridanoq tadbirkorlar bilan hamfikr bo‘lib, iqtisodi qudratli, sanoati raqobatbardosh, moliyaviy tizimi barqaror, barcha sohalari investorlar uchun jozibador bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishdi. 

Yaqinda tashkil etilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda esa an’anaga ko‘ra, kichik biznes vakillaridan tortib yirik korxonalar rahbarlari – eng ilg‘or va fidoyi tadbirkorlar taqdirlandi. Bunday e’tibor yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shib kelayotgan tadbirkorlarga ishonch, ayni sohaga qadam qo‘yishni istagan yoshlarga esa umid bag‘ishlayotgani, haqiqatdir. 

O‘zA muxbiri

Abdulaziz RUSTAMOV 

yozib oldi.