O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar qo‘mitasining faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, qo‘mita rahbariyati va mansabdor shaxslari, milliy madaniy markazlar raislari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida ta’kidlaganidek, mamlakatimiz siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlar uchun teng shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish, millatlararo munosabatlarni mustahkamlashdan iborat.
Qo‘mitaning vazifalariga milliy madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, xorijdagi vatandoshlar bilan o‘zaro yaqin aloqalarni shakllantirishdan iborat. Uning boshqaruvida 152 milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tinch va osoyishta hayotni asrash, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona va madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida qo‘mita “xalq diplomatiyasi” mexanizmidan samarali foydalanmoqda, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan yaqin va o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish ishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan qo‘mita raisining o‘rinbosari Azamat Toshev 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi. Ushbu davr ichida qo‘mita tomonidan millatlararo munosabatlar sohasidagi me’yoriy-huquqiy asosini takomillashtirishga yo‘naltirilgan konseptual hujjatlarning 14 ta loyihasi tayyorlandi.
30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan мамлакатимизда istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar vakillari o‘rtasidagi millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, shuningdek xorijiy mamlakatlar xalqlari bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishgan 238 nafar hamyurtimiz “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mamlakatimizdagi turli millat va elatlar vakillari o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash maqsadida 2022 yilda qo‘mita tomonidan milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari ishtirokida 8177 ta tadbir o‘tkazildi. Dolzarb mavzudagi konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar, tanlovlar va ko‘rgazmalar, madaniy-ma’rifiy va boshqa tadbirlar shular jumlasidan.
Matbuot anjumanida shuningdek 2023 yilda amalga oshiriladigan ishlar haqida so‘z yuritildi. Qo‘mita raisining maslahatchisi Zafar Ahmedov ishtirokchilarga xorijiy mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Anjuman yakunida tashkilotchilar jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardi.
N. Usmonova, O‘zA