Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yagona tarixiy-madaniy makon
22:22 / 2022-04-21

Bugun Toshkentda «Markaziy Osiyodagi yagona tarixiy-madaniy makonda O‘zbekiston va Tojikistonning o‘rni» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Anjuman Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Tarix instituti hamkorligida onlayn va oflayn shaklda tashkil etildi.

Davra suhbatida ikki mamlakat yetakchi ekspert-tahliliy va ilmiy-tadqiqot muassasalarining 25 dan ziyod mutaxassisi ishtirok etdi.

Tojikiston tomoni Milliy fanlar akademiyasi tarkibidagi yondosh tizimlar – Tarix, Falsafa va huquq, Osiyo va Afrika davlatlari muammolarini o‘rganish institutlari, shuningdek Rossiya-Tojikiston universiteti va Tojikistonning mamlakatimizdagi elchixonasi vakillaridan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida esa MOXI, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar, Tarix institutlari, Milliy arxeologiya markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekiston xalqlari tarixi davlat muzeyi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali va boshqa ilmiy muassasalar vakillari bor edi.

Ilmiy anjuman O‘zbekiston va Tojikiston tarixiy, madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish sohasida bilim va ilg‘or tajriba almashish, Markaziy Osiyoning umumiy madaniy aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq ehtiyojni aniqlash maqsadini ko‘zladi.

Mutaxassislar mintaqamizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan, beqiyos hissa qo‘shgan yagona tarixiy-madaniy makon sifatidagi noyob hususiyatini yakdil e’tirof etishdi. Aksariyat sharqshunoslar fikricha, Markaziy Osiyo azaldan etnogenetik jarayonlarning uzviy rishtasi bo‘lib kelgan. Mintaqaviy hamkorlik salohiyatining asl negizida ayni jihat yotadi.

Shuning uchun ham polietnik, ko‘p tilli jamiyat sharoitida birgalikdagi sa’y-harakatlarni yo‘lga qo‘yish va xalqlarimizning ko‘p qirrali madaniy, intellektual, ma’naviy imkoniyatlarini yuzaga chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston tajribasi alohida qiziqish uyg‘otib, izchil o‘rganishni taqozo etadi.

Tadbirda qutlov so‘zi bilan chiqish qilgan Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov Markaziy Osiyo hududidagi yagona tarixiy-madaniy makonda alohida o‘rin egallagan O‘zbekiston va Tojikiston bugungi kunda, jumladan, sheriklikning gumanitar jihatlariga chuqur e’tibor qaratayotganini qayd etdi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning qat’iy siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli bugungi kunda o‘zbek-tojik munosabatlari avvallari misli ko‘rilmagan, mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Natijada strategik sheriklik jadal rivojlanish sur’atini olib, barcha yo‘nalishlarda tobora mustahkamlanmoqda.

O‘zbekiston yetakchisining o‘tgan yil iyun oyida Tojikistonga qilgan rasmiy tashrifi doirasida Xo‘jand shahrida ziyolilar, ilmiy va ijodiy doira vakillari bilan kechgan juda iliq va do‘stona uchrashuvi alohida esga olindi.

Davra suhbati ishtirokchilari madaniy-gumanitar hamkorlikni muntazam ravishda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, O‘zbekiston va Tojikiston tarixiy, madaniy merosini asrash, o‘rganish sohasida bilim va tajriba almashish orqali yanada chuqurlashtirish zarurligi tzg‘risida yakdil fikrga keldilar. Zero, ayni jarayon ikki qardosh davlat, birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi asrlar mobaynida davom etib kelayotgan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA