O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, arxiv sohasini 2030 yilga qadar raqamlashtirish, xizmatlar sifatini oshirish va sohada samarali boshqaruv tizimini yaratishning asosiy maqsadlari belgilandi. Ular:
a) Milliy arxiv fondi hujjatlari raqamlashtirilishini 60 foizga yetkazish;
b) elektron xizmat ko‘rsatish ulushini 100 foizga yetkazish hamda xizmat ko‘rsatish muddatini kamida uch baravarga qisqartirish;
v) arxiv xizmatlari ommabopligini oshirish va yangi xizmat turlarini joriy qilish;
g) hujjatlarni klassifikatsiya qilish va tanish jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali hujjatlarni qayta ishlashda inson omilini 50 foizga kamaytirish;
d) arxiv ishi sohasida samarali boshqaruv tizimini joriy etish, davlat organlarining elektron tizimlariga to‘liq integratsiya qilish va ma’lumotlar almashinuvini avtomatlashtirishdan iborat.
Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 iyundan boshlab arxiv xizmatlarini raqamlashtirishda qo‘llaniladigan amaldagi arxiv axborot tizimlari negizida Yagona milliy arxiv axborot tizimi joriy etiladi. Bunda:
a) barcha raqamlashtirilgan va kelgusida raqamlashtiriladigan arxiv hujjatlari Arxiv axborot tizimiga kiritiladi va tizimda saqlanadi;
b) arxiv hujjatlarini raqamlashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
birinchi bosqichda (2025-2027 yillar) - alohida qimmatli va noyob hujjatlar, mol-mulk va yerga oid arxiv hujjatlari to‘liq raqamlashtiriladi;
ikkinchi bosqichda (2028-2029 yillar) - kino, foto, fono va ilmiy-texnik arxiv hujjatlari raqamlashtiriladi;
uchinchi bosqichda (2030 yildan) - Milliy arxiv fondining boshqa arxiv hujjatlari raqamlashtiriladi;
v) Adliya vazirligi huzuridagi "O‘zarxiv" agentligiga Milliy arxiv fondi hujjatlarini skanerlash va ularni Arxiv axborot tizimiga kiritish ishlari uchun Adliya vazirligi hamda Agentlikning byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan shartnoma asosida mutaxassislarni jalb qilish huquqi beriladi.
Agentlikning davlat arxivlarida saqlanayotgan alohida qimmatli va noyob hujjatlar harakatini avtomatlashtirish, ularning aniq hisobini yuritish va xavfsizligini ta’minlash ishlariga RFID (radiochastotali identifikatsiya) texnologiyasi joriy etiladi. Bunda:
a) RFID texnologiyasi:
2026 yil 1 iyundan boshlab O‘zbekiston milliy arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar bilan ishlashda majburiy qo‘llaniladi;
2027 yil 1 martga qadar bosqichma-bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar markaziy davlat arxivlari hamda viloyat davlat arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar bilan ishlashda qo‘llanishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi;
b) RFID texnologiyasidan foydalanish orqali har bir arxiv hujjatiga unikal identifikatsiya raqami beriladi va ular Arxiv axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi;
v) Agentlik direktori RFID texnologiyasining joriy etilishiga, davlat arxivlari rahbarlari RFID texnologiyasining samarali ishlashini ta’minlashga shaxsan mas’ul hisoblanadi.
2026 yil 1 avgustdan boshlab quyidagi davlat arxivlari funksiyalari to‘liq raqamlashtirilgan holda amalga oshiriladi:
a) O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
b) yig‘majildlar ro‘yxatini tuzish va rasmiylashtirish, ularga oid ilmiy-ma’lumotnoma apparatini tuzish, kelishish, tasdiqlash;
v) davlat arxivlari tomonidan arxiv hujjatlarini qabul qilish, foydalanishga berish;
g) korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qayta tashkil etilayotganda ularning arxiv hujjatlarini huquqiy vorislarida saqlash masalasini davlat arxivlari bilan kelishish;
d) davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning hududiy tuzilmalarining hujjatlar yig‘majildlari nomenklaturasini shakllantirish hamda tegishlicha Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar bilan kelishish;
j) davlat arxivlariga arxiv hujjatlari topshirilishi lozim bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarining yagona ruyxatini shakllantirish.
Arxiv xizmatlarini kengaytirish va sifatini oshirish maqsadida 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab fuqarolarning oilaviy shajaralari bo‘yicha ma’lumotlarni onlayn tarzda taqdim etish imkoniyatini beruvchi “Shajara" axborot tizimi joriy etiladi.
O‘zA