Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yagona ijtimoiy himoya tizimi yaratilgani aholiga katta qulaylik yaratadi
16:55 / 2023-06-06

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturi yuzasidan so‘zlagan nutqida ijtimoiy xizmatlar sohasi butkul qayta ko‘rib chiqilishi, aholiga kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy qilinishini alohida qayd etdi.

Joriy yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident farmoni buning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Shu asosda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Kambag‘allik, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar, Moliya, Maktab ta’limi, Oliy ta’lim vazirliklarida tarqoq bo‘lgan ijtimoiy xizmatlar yaxlit tizimga birlashtirildi.

Farmondagi muhim jihatlar haqida Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Qutlimurod Churenov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi: 

– Bugungi kunda davlat tomonidan kafolatlangan 170 dan ortiq ijtimoiy xizmat va yordamlar bir-biridan tarqoq holda bir nechta vazirlik tomonidan ko‘rsatilmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu masalaga e’tibor qaratgani va farmon asosida yagona ijtimoiy himoya tizimi yaratilgani aholiga katta qulaylik yaratadi. 

Yangilangan Konstitutsiyada e’lon qilingan ijtimoiy davlat tamoyillarini inobatga olgan holda fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, aholiga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish maqsadida mazkur sohaga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimi joriy etilmoqda.

Hujjatda Nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulaylik yaratish davlat tomonidan aholini manzilli ijtimoiy himoya qilishning asosiy yo‘nalishi etib belgilandi.

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning bo‘linmalari negizida Agentlik markaziy apparatida Nogironligi bo‘lgan shaxslarning funksionalligini baholash boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. 

Ushbu boshqarmaning asosiy vazifasi O‘zbekistonda nogironlikni belgilashda jahonda umume’tirof etilgan ijtimoiy modelga bosqichma-bosqich o‘tishni ta’minlash hisoblanadi.

Amaldagi Nogironlikni belgilashning tibbiy modelida fuqaroning sog‘lig‘ini yo‘qotganligi darajasiga qarab nogironlik belgilanadi. Ijtimoiy modelda esa fuqaroning sog‘lig‘ini yo‘qotganligi bilan bir qatorda jamiyatda bino-inshootlar, yo‘l infratuzilmalari, jamoat transportlari, ta’lim olish, mehnat qilish singari yo‘nalishlarda teng ravishda foydalanish uchun to‘siqsiz muhit yaratilgani inobatga olinadi.

Ijtimoiy modelning asosiy maqsadi shaxsning sog‘ligini tiklash bilan birga, boshqalar singari ishtirok etishi uchun jamiyatda to‘siqlarsiz sharoitlar yaratish hisoblanadi.

Ya’ni, jamiyat nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlariga qanchalik moslashtirilgan bo‘lsa, nogironlik darajasi ham shuncha kamayadi.

Farmonga muvofiq, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga vakolatli davlat organlari tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha dasturlar talablarini bajarmaganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan chora-tadbirlarni qo‘llash bo‘yicha taqdimnomalar kiritish va jarimalar qo‘llash vakolati berilmoqda.

2023 yil 15 iyundan boshlab Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidan tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy bo‘limlari, odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylari, urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar Agentlik tizimiga o‘tkaziladi.

Qolgan vazirliklarda ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordam va xizmatlar Agentlik tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.

Bu yangi o‘zgarishlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha huquqlarini ta’minlashga, boshqalar singari ishtirok etishi uchun jamiyatda to‘siqlarsiz sharoitlar yaratilishiga, muhimi, ularning samarasi va sifatining tubdan yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA