Yurtimizda tadbirkorlik faoliyatiga oid bir qator tartibotlar, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, respublikada ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Buni amaliyotga joriy etilgan «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi (BAT) misolida ko‘rishimiz mumkin.
Mazkur tizim tadbirkorlik sub’ektlari bojxona rasmiylashtiruvi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlarni olish uchun «Yagona darcha» BATda belgilangan shakldagi elektron arizani to‘liq to‘ldiradi va elektron arizalarga hujjatlarni ilova qilgan holda tegishli vakolatli organlarga yuboradi.
«Yagona darcha» BAT orqali taqdim etilgan elektron ariza elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan quyidagi vakolatli organga «Yagona darcha» BATdan foydalangan holda bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlarni olish uchun elektron arizalarni yuborish imkoniyati mavjud:
- «O‘zstandart» agentligi;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi;
- Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;
- Sog‘liqni saqlash vazirligi;
- Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi;
- «O‘zbekekspertiza» aksiyadorlik jamiyati.
Ushbu vakolatli organlar kelib tushgan elektron arizalarga javoban ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlarni tadbirkorlik sub’ektlariga «Yagona darcha» BAT orqali elektron shaklda taqdim etmoqda.
Hozirda 27 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari tizimda ro‘yxatdan o‘tgan. Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil boshidan hozirgi kunga qadar «Yagona darcha» BAT orqali tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga quyidagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlar elektron tarzda taqdim qilingan:
- Muvofiqlik sertifikati – 105 424 ta;
- Ekologiya sertifikati – 3 329 ta;
- Sanitar-epidemiologik xulosa – 53147 ta;
- Veterinariya guvohnomasi – 8 337 ta;
- Fitosanitar sertifikati – 123663 ta;
- Karantin ruxsatnomasi – 33303 ta.
Bu bilan tadbirkorlik sub’ektlari ortiqcha vaqt sarflamasdan elektron tarzda o‘zlariga kerakli ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlarni masofadan turib olishmoqdalar. Shu bilan bir qatorda, tadbirkorlik sub’ektlari ushbu tizimdan foydalangan holda:
- eksport-import bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni olishi;
- ruxsatnomalar va bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflanadigan xarajatlarni bilishi;
- ruxsatnomalar va bojxona rasmiylashtiruvini elektron tarzda inson aralashuvisiz amalga oshirishi;
- bojxona organlari va boshqa davlat nazorat organlarining interaktiv xizmatlarini amalga oshirishi, shuningdek, xorijiy mamlakatlardan ham ma’lumotlar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kelgusida ushbu tizimni yanada takomillashtirish maqsadida, boshqa vakolatli davlat organlarining ham tizimga bog‘lanishi borasida ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi "Qizil kitobi"ga kiritilgan yovvoyi o‘simliklar, ularning qismlarini olib kirish, olib chiqishga xulosa olish uchun – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, o‘q otar qurol-aslaha va sanoat maqsadidagi portlovchi materiallarni olib kirishga ruxsatnoma olish uchun – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, yuqori chastotali qurilmalarni va radioelektron qurilmalarni olib kirishga ruxsatnoma olish uchun – Axborot texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi, madaniy boyliklarning O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi yoki vaqtincha olib chiqilishi huquqini beruvchi sertifikat olish uchun – O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan beriladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlarni ham mazkur tizim orqali olinishi tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga qulayliklar yaratadi.
«Yagona darcha» tizimining joriy etilishi natijasida inson omili aralashuvisiz tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatishning yangi sifat ko‘rsatkichi va samaradorlik oshishiga erishildi.
Qurbonqul KARIMQULOV,
Bojxona instituti kafedra mudiri, professor.
Jamoliddin AHMEDOV,
Bojxona instituti magistranti