Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yadroviy taranglik nima bilan tugaydi?
11:32 / 2022-10-28

bugungi kunda dunyo jamoatchiligi orasida nafaqat harbiylar va siyosatchilar, balki boshqa turli soha vakillari ham zamonaviy harbiy-siyosiy mojarolarni hal etishda yadro qurolidan foydalanishning oqibati haqidagi keng muhokomaga qo‘shilgan.

Ayni jarayonning borishi, salbiy oqibati, yadro qurolini qo‘llashning oldini olish yo‘llari singari jo‘yali masalalarga asosli yechim izlanmoqda. Yangi davrda davlatlar manfaati bir-biriga mos kelmayotgani, mavjud muammolarni hal etish uchun yadroviy vositalardan foydalanish bo‘yicha turli bayonotlar tarqatilishi, shuningdek, peshma-pesh o‘tkazilayotgan harbiy mashqlar mazkur jarayonda bir-biriga zid qarashlar yuzaga chiqishiga sabab  bo‘lmoqda.

Jahonda vujudga kelayotgan harbiy-siyosiy ziddiyatlarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilish o‘rniga, kuchli davlatlar bir-biroviga nisbatan “yadro tahdid”ini namoyish qilmoqdalar. Oqibat, davlatlararo munosobatda mojaroli vaziyatlarni o‘zaro muloqot, murosa, kelishuv yo‘li bilan bartaraf etish o‘rnini ishonchsizlik egallamoqda.

Ayni dolzarb masalalar xususida mulohaza yuritish maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Sayfiddin Jo‘rayevga murojaat qilib, bugun dunyoning diqqat-e’tiborida bo‘lgan mavzu - yadro xavfi haqida suhbatlashdik.

- Hurmatli Sayfiddin Ahmatovich, dunyodagi yadro qurollari egalari kimlar? Jahon ommaviy axborot vositalarida uchraydigan “yadro klubi” iborasi nimani anglatadi? Shular haqida batafsil ma’lumot bersangiz?

- Avvalo shuni alohida ta’kidlashni istardimki, dunyo hech qachon bugungidek yadro urushiga yaqin bo‘lmagan. Jahonda geosiyosiy taranglik yuqori darajaga chiqib, kundan kunga kuchaymoqda.

Vaziyatni yaqqolroq tasavvur etishda mavjud yadro quroli va shunday aslahalar sohibi bo‘lgan davlatlar, yadroning ta’sir doirasi, kuch-qudrati hamda dunyo bo‘ylab joylashuvi, harbiy jangovarlik holatidan boxabar bo‘lish muhim ahamiyatga ega.

Yadro quroliga ega davlatlar shartli ravishda “yadro klubi“, deb nomlanadi. Bu mamlakatlar bir necha guruhga bo‘linadi.

Birinchi guruh -  “Yadro quroliga ega eski davlatlar”ga - Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy kiradi. Mazkur davlatlar “Yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasi” (1968 yil) asoschilari hisoblanadi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, O‘zbekiston bu shartnomaga 1992 yil qo‘shilgan.

Ikkinchi guruhda ushbu shartnomani imzolamagan, biroq “Yadro quroliga ega yosh davlatlar” - Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya qayd etiladi.

Uchinchi “Norasmiy yadro quroliga ega” davlat sifatida Isroil e’tirof etiladi. Bu mamlakat o‘z yadro quroli borligi haqida rasman xabar bermagan.

Ilg‘or xorijiy ekspertlar bahosiga ko‘ra, yadro davlatlari birgalikda 13 ming yadro kallagiga ega, shundan 9 ming 600 tasi harbiy maqsadda ishlatishga tayyor. Mavjud yadro arsenalining 90 foizdan ziyodi AQSH va Rossiya ixtiyorida. Bu ikki davlat yadro aslahasiini yaratish, quroldan foydalanish tajribasi va boshqa bir qator tegishli imkoniyatlar bo‘yicha dunyo yetakchilari hisoblanadi.

bugungi kunda jangovar shaylik muntazam oshirilayotgani jahon hamjamiyatini xavotirga solmoqda. Qurollarning tayyorgarlik darajasini aniqlash uchun muntazam harbiy mashqlar o‘tkazilmoqda.

Qolgan yetti mamlakat yadro bilan bog‘liq yangi qurol-yarog‘ tizimini ishlab chiqmoqda, bu yo‘ldagi faoliyatni jadallashtirmoqda.

Jumladan, 2021 yil Buyuk Britaniya yadroviy jangovar kallaklar zaxira miqdorini oshirish qarorini e’lon qildi, Fransiya esa uchinchi avlod ballistik raketalari bilan jihozlangan atom suv osti kemasini ishlab chiqish dasturini qabul qildi. Hindiston va Pokiston yadro dasturini kengaytirish bilan ovora bo‘lsa, Isroil sohani modernizatsiya qilmoqda. Xitoy 300 ta yangi parvoz joyini bunyod etish bo‘yicha ish olib bormoqda.

- Basharti, AQSH va Rossiya bir-biriga yadro qurolini qo‘llasa, sizning nazaringizda, oqibat nima bo‘ladi?

- Albatta, kechirilmas tarixiy fojia yuz beradi. Mutaxassislar taxminicha, mabodo AQSH yoki NATO Rossiya tomon 150 kilotonnalik yadroni yo‘naltirsa, qurol tabiiyki, Moskvaga yetib boradi.

Ikki davlat hududida ham qurol yetib borgan joyda yetti kilometrlik radiusda bor tirik mavjudot, o‘simlik dunyosi butunlay yo‘qolishi, dastlabki soatlarda 90 million kishi halok bo‘lishi mumkin. 15 kilometrlik radiusda radioaktiv nurlanish yuz  beradiBevosita iqtisodiy va ijtimoiy kollapsdan tashqari osmonni “yadro tumani” qoplaydi. Inson sog‘lig‘i uchun o‘ta zaharli bo‘lgan 150 megatonna  gaz hosil bo‘ladi. Атmosфyerаning ozon qatlami 75 foiz qisqaradi. Nurlanish oqibati sakkiz yilgacha saqlanib turishi aytiladi.

Ekspertlar Rossiya NATO yoki AQSH zarbasiga taktik yadro quroli bilan javob qaytarishini ham faraz qilishadi. Rossiya bu bosqichda Yevropaga kichik hajmli, uzoqqqa uchadigan raketa va aviatsiya yordamida yadro bombasi otadi.

Keyingi bosqichda kurashayotgan tomonlar bir-biriga zarba berishni davom ettiradi, bundan ko‘zlangan maqsad qarama-qarshi tomon yadro kuchlarini batamom yo‘qotishga qaratiladi.

AQSH ham harbiy kallaklari bilan “yadro urushi”ga qo‘shilishi mumkin. Rossiya esa Amerika hududiga okean bo‘ylab javob beradi. Keyinroq harbiy submarinalarga talafot berish boshlanadi. Bu birgina davlatning yadro quroli qo‘llashi oqibati haqida. Ommaviy ravishda bu ajal vositasidan foydanilsa-chi?!

Qisqasi yadro qurolidan foydalanish insoniyat yashab turgan zaminni, bor mavjudotni uzog‘i bilan 30 yilda butunlay yo‘qolib ketishiga olib kelishi mumkin. Demak, yer sharida hech kim va hech narsa omon qolmaydi.

- Yadro tahlikasi G‘arbdan chiqib, Osiyo qit’asiga ham yetib kelgani bugun ma’lum. Bu haqda qanday mulohazalaringiz bor?

- Janubiy Osiyoda ham muayyan ehtimol yo‘q emas, afsuski. Mutaxassislar fikricha, Hindiston - Pokiston nizosi tufayli yadro unsuri qo‘llansa, natijada atmosferaga 5 megatonna amorf uglerodi tarqaladi va ozon qatlami to‘rtdan bir qismiga qisqaradi. Bu holatda qayta tiklanish uchun 12 yil vaqt kerak bo‘ladi.

- Ko‘pchilik siyosatchilar dunyodagi harbiy-siyosiy vaziyatni Shimoliy Koreya yadro dasturi chigallashtirmoqda, deyishadi. Bu davlatning yadroviy imkoniyati nimalarda ko‘rinadi?

- Darhaqiqat, keyingi vaqtdagi mavjud harbiy-siyosiy holat vaziyat o‘ta murakkabligidan dalolat. Yadro quroli bo‘yicha taranglik hududi kengayib, Sharqdan chiqib, Koreya yarim oroliga yetib bordi, xavfsizlik va  barqarorlikka real tahdid paydo bo‘ldi.

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yadro dasturiga ustuvor e’tibor qaratmoqda. Davlat rahbari “agar AQSH mamlakatimizga tahdid soladigan bo‘lsa, biz yadro quroli bilan javob beramiz”, deya bayonot berdi. Shimoliy Koreyada Amerikaga zarba berish imkoniyati mavjudmi, yo‘qmi, bir nima deyish qiyin. Faqat masalaning ikkinchi tomoni borki, KXDR o‘z qudratini namoyish etish uchun yadro qurolini atrofidagi mamlakatlarga qarata qo‘llab, zarar yetkazishi mumkin.

Shimoliy Koreya milliy xavfsizlik strategiyasining markaziy qismi sifatida harbiy yadro dasturiga ustuvor ahamiyat berayotgani bor gap. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 20 tacha jangovar yadro kallagi yig‘ilgan va yana 45-55 kallak ishlab chiqarish uchun yetarli material to‘plangan. Yil boshidan beri KXDR Yapon dengizi tomon 23 marta raketa uchirdi. Oktyabr oyida raketalardan biri, taxminan, 20 daqiqa parvoz qilib, Tinch okeaniga qulashga qadar to‘rt yarim ming kilometrdan ko‘p masofani bosib o‘tdi.

Yana bir gap: yaqinda Shimoliy Koreya parlamenti hukumatning yadro qurolidan foydalanishini qonunlashtirib berdi. Endi tashqi hujumdan himoyalanishda yadro quroli imkoniyatidan ogohlantirish maqsadida istifoda etilishi mumkin.

- Yadro urushi haqida gap ketganda, birinchi navbatda, Xirosima va Nagasaki fojiasi yodga tushadi. Shunday emasmi?

- Albatta! AQSH ilk bor 1945 yil 6 va 9 avgustda Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasini tashlaydi. Bu dunyo tarixida birinchi marta sodir etilgan shunday hujum. Mana 70 yildan oshdiki, bunday qurolni takror ishlatishga, hozircha, hech bir davlat jazm qilolmagan.

Ikki shahar bombardimoni oqibatida 450 mingdan ziyod odam halok  bo‘lgan. Tirik qolgan 200 mingga yaqin inson orasida shu bugungacha ham radiatsiya nurlanishi oqibatida turli kasalliklardan foriq bo‘lolmaganlari bisyor. Ayniqsa, onkologik kasalliklardan halok bo‘lganlar soni juda ko‘p.

Bomba tushgan joylar kulga aylangan. Ikki kilometr atrofida hamma narsa kuyib ketgan, 20 kilometr radiusdagi uy-joylar jiddiy zarar ko‘rgan.

Mazkur yadro zarbalari harbiy vaziyatni tubdan o‘zgartirib yuborgan. Yaponiyaning harbiy garnizoni va infratizimi, ya’ni aerodromlar, boshqaruv punktlari butunlay tiklanmas holga kelgan. Natijada orol qisqa vaqtda zabt etilgan.

- Xalqaro kuzatuvchilar 1962 yili kuzatilgan “Kubadagi tanglik”ning achchiq haqiqatidan ham xulosa chiqarish kerak, deyishadi...

- Menimcha ham bu to‘g‘ri fikr. Haqiqatan, hozirgi jarayonning o‘ta  murakkab tomonini Karib tangligi misolida ko‘rsa bo‘ladi.

Avvalo, 60 yil avvalgi davr, vaziyat, yadro qurolining sifati, quvvati va yadro davlatlari salohiyati bugungi kundagidan keskin farq qiladi. Qolaversa, harbiy qo‘mondonlarga Kubada joylashtirilgan sovet raketalaridagi yadro qurolini vaziyatga qarab, vaqtni boy bermasdan, ya’ni Moskva bilan kelishmasdan mustaqil ravishda qo‘llashga izojat berilgan edi. Boshqacha aytganda, mavjud holat inson omiliga bog‘liq bo‘lib qolgan.

Bunday harakat bugun ham qaytarilmasligiga kafolat yo‘q. Negaki, yadro qurolining shakli, zamonaviy turlari ko‘payib ketgan. Masalan, bugungi kunda qit’alararo ballistik raketalar, yadro qurolini tashuvchi va portlatuvchi moslamalar, qanotli raketalar mavjud. Shuningdek, yaqin masofaga mo‘ljallangan tezkor taktik yadro qurollari va o‘ta yaqin masofaga mo‘ljallangan taktik raketalar bor.

Qudratli davlatlar bir-biriga qarshi yadro qurolini qo‘llashi mumkinligi masalaning bir tomoni. Binobarin, bunday vositaga ega bo‘lmagan, ya’ni yadro quroli bilan javob berolmaydigan davlatlar ham bor-ku yer yuzida.

Yana bir holat, ya’ni yadro zaxirasi va darajasi, miqdori turlicha bo‘lgan davlatlarning bir-biriga nisbatan qurol qo‘llashi bilan bog‘liq  “kim o‘zar?” masalasi ham bor bu yerda. Buning natijasida... hech kim oqibatdan chetga qolmaydi.

Dono xalqimizning “Yetti o‘lchab, bir kes!”, degan naqli bor. Menimcha, ayni vaziyatda bu naqlni biroz o‘zgartirib, “yetmish marta o‘lchab, bir kesish” usuliga o‘tmoq lozim. Zero, kuzatilayotgan harbiy-siyosiy voqealarga oddiy  qarash, holatni tushunmasdan talqin qilish teskari natijaga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitda bugungi dunyoning chalkashliklari, noaniqlari, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchsizlikni chuqur o‘rganmasdan, vaziyatning mohiyatiga yetmasdan qaror qabul qilish yaramaydi. Aksincha, jarayonga ta’sir etuvchi omillarni, shart-sharoitni professional jihatdan chuqur o‘rganishning ahamiyatini bir necha barobar oshirishga e’tibor qaratish darkor.

Bu jarayonda harbiy-siyosiy jarayonni strategik tahlil etish, jamiyatning rivojlanish tamoyillarini aniqlash asosida qarorlar qabul qilish, shuningdek, jahonda munosib o‘ringa ega bo‘lish va mavqeni mustahkamlash bo‘yicha ilmiy-tahliliy ishlanmalarga ehtiyoj oshib bormoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yadro qurolini qo‘llash xavfi kuchayib borayotgani sari, boshqa tomondan bunga yo‘l qo‘ymaslik harakatlari ham avjiga chiqqan. Yaqinda bo‘lib o‘tgan BMTning yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan davlatlar ishtirokidagi konferensiyada ham mazkur mavzu qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. Kim qo‘llaydi-yu, kim qo‘llamaydi qabilidagi gaplar bilan bir xulosaga kelish qiyin kechdi. Har holda turli xil qarashlarga ega tomonlar vaziyatni chuqur anglayotganini harbiy-siyosiy taranglikni yechish tomon tashlangan ijobiy qadam sifatida ko‘rish mumkin.

Bunday sharoitda yangi davr o‘yini qoidalaridan kelib chiqib, barcha davlatlar manfaatini e’tirof etish va hurmat qilish, mavjud muammolarni hal qilishning siyosiy-diplomatik yo‘llarini topish, barcha sa’y-harakatlarni tinchlikni saqlashga, bunyodkorlik ishlariga, fuqarolar farovonligini oshirishga yo‘naltirish lozim. bugungi muhim strategik vazifalardan biri yagona davraga birlashib, kelishuv asosida ziddiyatni bartaraf etishni taqozo etadi.

Bu yo‘lda O‘zbekiston va shaxsan davlatimiz rahbari olib borayotgan do‘stona va tinchlikparvar tashqi siyosat, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.

- Sayfiddin Ahmatovich, mazmunli suhbatingiz uchun minnatdorlik bildiraman.

 

O‘zA sharhlovchisi Abror G‘ulomov suhbatlashdi.