Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yadroviy chiqindilar joylashgan hududlarni sog‘lomlashtirishga 2 million yevro grant ajratiladi
13:06 / 2021-12-15

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mas’ullari ishtirokida «Respublikada radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash: amalga oshirilayotgan ishlar, rejalar, xalqaro hamkorlik» mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari - Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti boshlig‘i Ibrohim Toshkentboyev qo‘mita tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Qo‘mitamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi «Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida faoliyat ko‘rsatmoqda, –dedi I. Toshkentboyev.

 – Qo‘mitaning Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti joriy yilda bir qator ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, 32 tekshiruv va 189 nazorat-profilaktika o‘tkazilishi natijasida 1 ming 920 kamchilik aniqlandi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar rejalari tuzildi va ular bajarilishi ustidan monitoring olib borilib, barcha kamchiliklar bartaraf etilishi ta’minlandi. Nazorat osti ob’ektlarida tekshiruvlar doirasida radiatsiya va yadro xavfsizligi talablarini buzganligi uchun 41 xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi, respublika byudjetiga 21 million so‘m jarima undirildi.

Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan ishlash sohasida qo‘mitaga tushgan arizalar asosida faoliyat yuritish huquqini beruvchi 26 litsenziya va 142 ruxsatnoma rasmiylashtirildi.  

Radioaktiv chiqindilarning aholi va atrof-muhitga zararli ta’sirini bartaraf qilish hamda ularning o‘z vaqtida ko‘milishini ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan tartibda ishlatilmayotgan radioaktiv ifloslangan elementlarning respublika radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punktida ko‘milishi ta’minlandi.

Sobiq ittifoq davrida uran konlari faoliyati natijasida to‘planib qolgan radioaktiv chiqindilar masalasi ham muhimdir. Bu muammo nafaqat O‘zbekistonda, balki O‘rta Osiyoning boshqa davlatlarida ham mavjud. Jami 418 million tonna shunday radioaktiv chiqindilardan Qozog‘istonda 240 million tonna, Qirg‘izistonda 132 million tonna, Tojikistonda 42 million tonna, O‘zbekistonda esa 4 million tonna mavjud.  

Ushbu chiqindilar joylashgan hududlarni ekologik sog‘lomlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi va bir qator davlatlarning homiylik yordamida 2 million yevro miqdorida birinchi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.

bugungi kunda qo‘mita oldidagi vazifalarning nechog‘li mas’uliyatli ekanini e’tiborga olib, kadrlarning kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirishni kun tartibidagi asosiy masala, deb qaralmoqda.

Ayni vaqtda o‘zbekistonlik 3 nafar talaba Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi yordamida Moskva shahridagi «MMFI» milliy tadqiqot yadro universitetida o‘qimoqda, keyinchalik ular o‘z faoliyatini departamentda amalga oshirishi ko‘zlangan.

Atom energiyasidan foydalanish sohasi, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash transchegaraviy masalalarni ham o‘z ichiga oladi. Bu masalalarni hal etishda davlatlararo, hukumatlararo muloqotlar muhim o‘rin tutadi. Shuni e’tiborga olgan holda sohada ilg‘or xorijiy mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi. 

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) tomonidan hamda ushbu tashkilot bilan o‘zaro hamkorlik doirasida tashkil etilayotgan, shu jumladan, milliy miqyosdagi turli o‘quv va ishchi tadbirlarda aloqador vazirliklar va idoralar vakillari qatorida departament xodimlari ham ishtirok etib, yadroviy energetika sohasi bo‘yicha bilim va malakalarini oshirib kelmoqda. Hozirgi vaqtda koronavirus pandemiyasi sababli ko‘pgina tadbirlar onlayn tarzda bo‘lib o‘tmoqda. O‘tgan davr mobaynida 180 dan ortiq tadbir, shu jumladan, malaka oshirish, o‘qish, trening, uchrashuv va boshqa tadbirlar tashkil etildi. Onlayn rejimda o‘tkazilgan tadbirda 200 nafarga yaqin, chet el davlatlarida o‘tkazilgan tadbirda 85 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis ishtirok etdi.

Xalqaro hamkorlik doirasida AESlarga bilim va tajriba orttirish uchun yuborish, xalqaro inspeksiyalarda tartibga solish organi faoliyati bilan tanishish, xalqaro tajribani qo‘mita faoliyatiga tatbiq etish ham rejalashtirilgan.  

Qo‘mita hukumat qarorlari bilan O‘zbekiston Respublikasi va MAGATE o‘rtasidagi Yadroviy qurolni tarqatmaslik to‘g‘risidagi bitim hamda qo‘shimcha protokol, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Atom energiyasi bo‘yicha Yevropa Hamjamiyati  (Yevratom) o‘rtasida atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan.

Qo‘mita ana shu bitimlar doirasida o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish yuzasidan MAGATE va Yevratomga ma’lumotlar taqdim etmoqda.  

MAGATE bilan hamkorlik doirasida respublikaga tashkiliy, moliyaviy, va texnikaviy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. MAGATE bilan 27 yillik  hamkorlik davrida jami 22,6 million yevro miqdorida yordam ko‘rsatilgan bo‘lib, mazkur hamkorlik doirasida tegishli qurilma va asbob-uskunalar olib kelindi va ishga tushirildi.

Xususan, 2019-2021 yillarda yadroviy tibbiyotni hamda saraton kasalligiga qarshi kurashishni rivojlantirish maqsadida 3 ta radioterapiya apparati olib kelindi, Yadro fizikasi institutining ilmiy-tadqiqot yadroviy reaktori modernizatsiyasi hisobiga xavfsizligi oshirildi, yadroviy bilimlarni rivojlantirish maqsadida Samarqand davlat va O‘zbekiston Milliy universitetlarida yadro fizikasi laboratoriyalari zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi. 2022-2023 yillarda 1 million yevro miqdoridagi 4 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
 
 

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.