Jahon ahli 29 yanvarni yadro urushi xavfiga qarshi safarbarlik kuni sifatida biladi.
Har yili nishonlanadigan mazkur tarixiy kunni ta’sis etishdan asosiy maqsad mamlakatlarni yadro quroli ishlab chiqarish poygasini to‘xtatish, bunday aslahalarni qisqartirish va bosqichma-bosqich yo‘q qilish orqali mazkur mislsiz tahdidga barham berishga chaqirishdan iborat.
1985 yil 29 yanvarda qabul qilingan Dehli deklaratsiyasi Meksika, Hindiston, Argentina, Gretsiya, Tanzaniya, Shvetsiya hukumatlari tomonidan imzolangan edi. Hujjat insoniyatni yadro quroli poygasidan qaytishga da’vat etadi. Bunda yadro qurollarini nazorat qilish, bunday uskunalar zaxirasini kamaytirish va nihoyat, qirg‘inbarot qurolni to‘liq yo‘q qilish kabi qator sa’y-harakatlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlanadi. Mazkur g‘oya butun dunyoda bir ovozdan qarshi olindi va qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bundan 37 yil avval dunyoning olti mamlakati tomonidan tasdiqlangan mazkur hujjatda tinchlikni qaror toptirish xalqaro munosabatlarning universal mezoni bo‘lib qolishi kerakligiga urg‘u berilgan, inson hayoti oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan.
Dehli deklaratsiyasida, jumladan, shunday deyilgan: Yadroviy qurollanish davrida insoniyat sayyoramiz ahli yashab qolishiga ishonchli kafolat beradigan yangi siyosiy tafakkurni, tinchlikning yangi konsepsiyasini ishlab chiqishi lozim. Odamlar yanada xavfsiz va adolatli olamda yashashni istaydi. Bashariyat yadro dahshati va umidsizlik asiriga aylanmasligi, aksincha munosib hayotda yashashga haqi bor. Yuzaga kelgan vaziyatni o‘zgartirish shart, yadro qurolidan, zo‘ravonlik, nafrat, qo‘rquv va shubha-gumondan holi dunyo qurish kerak.
«Dehli oltiligi»ga kiruvchi davlatlar murojaati yadro quroliga ega mamlakatlarga 1984 yil 22 may kuni topshirildi. Hujjatda yadro klubiga a’zo yurtlardan sinov o‘tkazmaslik, ishlab chiqarishni kamaytirish, mavjud zaxirani qisqartirish, termoyadroviy urushning oldini olish va koinotda qurollanish poygasiga yo‘l qo‘ymaslik so‘ralgan.

Taassuf, yadro quroli dahshati haqida bot-bot gapirilishiga qaramay, dunyoda atom bombasini yasashga urinish to‘xtamayapti. BMT Xavfsizlik kengashi tashkil etilganda tuzilma tarkibiga aynan yadro quroliga ega olti davlat kirgan. bugungi kunga kelib yadro klubi tarkibidagi mamlakatlar soni to‘qqiztaga yetdi. Ayni payt AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston, Isroil (tasdiqlanmagan), Pokiston, Shimoliy Koreya va Fransiya yalpi ajal quroliga ega.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda yadro quroli soni ko‘pligi bo‘yicha AQSH va sobiq ittifoq merosxo‘ri sifatida Rossiya yetakchi hisoblanadi. Turli manbalar hozir Rossiyada 6 ming 400 ta jangovar kallak borligi, AQSHda esa bu raqam 5 ming 800 ni tashkil etishidan darak beradi.

Ayni axborot faqat jangovar kallak yetkazib beruvchi strategik vositalar soni haqida tushuncha beradi. Qo‘shimchasiga Rossiya bilan AQSH juda ko‘p texnik yadro quroliga ham ega. Bu miqdorga taalluqli son ochiqlanmaydi.
Qolaversa, Buyuk Britaniya 200 ta, Fransiya – 290 ta, Xitoy – 320 ta (ushbu ma’lumot ham tasdiqlanmagan) yadro kallagiga ega. Hindiston 150, Isroil 90, Pokiston 160, Shimoliy Koreya 30 birlik ofat aslahasi bilan qurollangani aytiladi. Mazkur ro‘yxatdagi eng yangi davlat - Shimoliy Koreya. KXDR yadro quroli sinovini ilk bor 2006 yil 9 oktyabrda amalga oshirgan.

Yaxshi bilamiz, hozirgacha yadro quroli zarbasi dahshati va butun fojeasini boshidan o‘tkazgan yagona yurt - Yaponiya. AQSH 1945 yil 6 va 9 sentyabr kunlari kun chiqar diyorning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi tashlagan edi. O‘shanda dunyo ahli atom hujumi oqibatida bir yo‘la yuz minglab yaponiyaliklar qirilib ketganiga guvoh bo‘lgan.
Afsuski, insoniyat ulkan urushlar qanchalik dahshatli, vayronkor bo‘lishini, ba’zan esdan chiqarmoqda. Aslida, hammasi o‘zimizga bog‘liqligini unutmasligimiz lozim. Hech bir tomon g‘olib bo‘lmaydigan bunday bema’ni urushni faqat insoniyatning o‘zi to‘xtata olishga qodir!
S.Rahimov,
O‘zA