"O‘zatom" agentligida mamlakatimiz yadro tibbiyotini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti, Sog‘liqni saqlash vazirligi, "Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi" loyiha ofisi, "Radiopreparat" davlat korxonasi, mamlakatimizning yetakchi tibbiyot muassasalari rahbarlari, vakillari hamda "Rosatom qurilish texnologiyalari" divizioni mutaxassislari ishtirok etdi.
Rossiya tomoni uchrashuvda yadro tibbiyoti infratuzilmasini zamonaviy talablarga mos ravishda rivojlantirish tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ular siklotron majmualari, radiofarmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hamda PET/KT diagnostika markazlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy misollarini taqdim etdi.
Shuningdek, tadbirda xalqaro darajada muvaffaqiyatli amalga oshirilgan tayyor loyihalar tajribasi haqida ham so‘z bordi.
Mutaxassislar qayd etganidek, bu kabi tashabbuslar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Toshkentda Yadro tibbiyoti markazi loyihasi boshlandi. Markazni 2026 yilda PET/KT uskunalari, siklotron, radiofarmlaboratoriya, gamma va kiber-pichoq texnologiyalari bilan jihozlash ko‘zda tutilgan. Loyiha onkologik yordam sifatini yaxshilash, saratonni erta bosqichda aniqlash va xalqaro standartlarga muvofiq kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish uchun “Yo‘l xaritasi” va strategiyani birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA