Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yadro qurolidan foydalanish xavfi sovuq urushdan keyingi davrda eng yuqori darajaga chiqdi
17:50 / 2025-06-13

O‘tgan yil jahon qurol-yarog‘iga sarflangan mablag‘ 100 milliard dollardan oshdi. Bu haqda Yadro qurolini taqiqlash bo‘yicha monitoring koalitsiyasi va Yadro qurolini bekor qilish bo‘yicha xalqaro kampaniya (ICAN) hisobotida aytilgan.

ICAN tomonidan e’lon qilingan “Yashirin xarajat: 2024 yil yadro qurollarining narxi” nomli hujjatda hozir 9 davlat – Xitoy, Fransiya, Hindiston, Isroil, Shimoliy Koreya, Pokiston, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSH yadro quroliga egaligi tasdiqlangan. Qayd etilishicha, o‘tgan yil shu mamlakatlar yadro quroliga avvalgi yilga nisbatan 11 foiz ko‘p – 100 milliard dollardan ziyod mablag‘ sarflagan. Shuningdek, xususiy sektor 2024 yilning o‘zida yadroviy shartnomadan kamida 42,5 milliard dollar daromad olgan. Yadroviy zaxirani mustahkamlash uchun eng ko‘p mablag‘ni AQSH ajratgan – 56,8 milliard dollar. Bu miqdor boshqa barcha yadro aslahasiga ega yurtlar jamlanmasidan ham ko‘p. Ikkinchi o‘rinni 12,5 milliard dollar bilan Xitoy, uchinchi o‘rinni 10,4 milliard dollar bilan Buyuk Britaniya egalladi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi besh yil ichida global miqyosda yadro quroliga sarflangan mablag‘ 68 milliard dollardan 100 milliard dollarga ko‘tarilgan.

Ukraina va G‘azoda yadroviy kuchlar ishtirokida yirik mojarolar kuzatilayotgani, Hindiston va Pokiston o‘rtasida, shuningdek Koreya yarim orolida keskinlik kuchayishi hammani jiddiy xavotirga solyapti. Aniqrog‘i, yadro qurolidan foydalanish xavfi sovuq urushdan keyingi davr va ehtimol tarixdagi eng yuqori darajaga chiqqani taxmin qilinyapti.

Hisobot mualliflaridan biri, ICAN siyosat va tadqiqot masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi Alisiya Sanders-Zakre aytishicha, yadro quroli mavjudligi demokratiyaga nisbatan haqoratdir.

– Demokratik yo‘l bilan saylangan rahbarlar o‘z xalqining yadro qurolidan xalos bo‘lish chaqirig‘iga quloq solishi shart, chunki bu baloni butunlay yo‘q qilish choralarini ko‘rish vaqti allaqachon kelgan, – deydi ekspert.

G.Sattorova, O‘zA