Zamonaviy geosiyosiy jarayon shiddat bilan o‘zgarayotgan bir payt, yadro quroliga ega davlatlar o‘rtasidagi strategik muvozanat masalasi yana kun tartibining dolzarb mavzusiga aylanmoqda. Qudratli davlatlar qurollanish poygasini to‘xtatmagan holatda, global raqobatning yangi davri nafaqat dunyo xavfsizligi, balki kichik va rivojlanayotgan mamlakatlar taqdiriga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bunday sharoitda yadroviy tizimning haqiqiy vazifasi nimalardan iborat: urushlarning oldini olishmi yoki yangi qarama-qarshiliklarga zamin yaratish? Qolaversa, yuqori texnologiyalar, kiber xavfsizlik va sun’iy intellekt bilan uyg‘unlashgan yadroviy salohiyat insoniyat oldida qanday istiqbollar ochmoqda? Mazkur savollarga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, siyosiy fanlar doktori Bektosh Berdiyev O‘zA orqali javob beradi.
– Bugungi kunda yadro quroliga ega davlatlar o‘rtasidagi siyosiy muvozanat haqiqatan urushlarning oldini olyaptimi yoki aksincha, lokal to‘qnashuvlar xavfini oshiryaptimi?
– Bugungi kunda yadro quroliga ega davlatlar o‘rtasidagi raqobat muhiti bir vaqtning o‘zida urushlarning oldini olyapti, deyishimiz ham mumkin. Ya’ni, yadro quroli bir tomondan tiyib turish vositasi vazifasini bajaryapti, ikkinchi tomondan boshqa davlatlar hujum qilishi ehtimolini kamaytiryapti. Menimcha, lokal to‘qnashuvlar yadro quroliga bog‘liq emas, chunki bunday to‘qnashuvlarda ko‘proq millatlararo nizo, dinlararo ziddiyat ustuvorlik qiladi. Demak, hozirgi urushlarni yadroviy munosabat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash o‘rinli emas. Vaholanki, ayni holat siyosiy muvozanatga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Masalan, bugun Amerika Qo‘shma Shtatlari boshchiligidagi aksar G‘arb davlatlari Xitoyga nisbatan u yoki bu darajada raqobatchi siyosatini olib borishi mumkin, lekin XXRga qarshi hech qanday harbiy harakat amalga oshirmaydi. Sababi, Xitoy ham yadro quroliga ega davlat. Xuddi shunday vaziyat Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSHga ham tegishli.
– Rivojlanayotgan davlatlar uchun yadroviy davlatlar o‘rtasidagi raqobat qanday geosiyosiy xavf tug‘diradi? Umuman, global barqarorlikka qanday erishish mumkin?
– Yadro quroliga ega yirik davlatlar o‘rtasidagi strategik va siyosiy kurash rivojlanayotgan davlatlar uchun jiddiy xavf va bosim keltirib chiqaradi. Kuchli mamlakatlar orasidan hamkor tanlaydigan bundan yurtlar mustaqil tashqi siyosat yuritishi qiyin. Qolaversa, ulkan bozorlarning ta’sir kuchi bosim vositasiga aylanib, rivojlanayotgan mamlakatlar taraqqiyotiga to‘siq bo‘lishi mumkin. Bunday geosiyosiy sharoit global barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayni vaziyatda xalqaro huquq va xavfsizlik institutlari samarali faoliyat yuritishi, davlatlar o‘rtasida ochiq va ishonchli muloqot o‘rnatilishi, diplomatik choralar ustuvor bo‘lishi lozim.
– Yadroviy quroli bo‘lmagan, ammo yuqori texnologik salohiyatga ega mamlakatlar, masalan Janubiy Koreya, Yaponiya va Germaniya zarur muvozanatni qanday ta’minlayapti? Bu davlatlar tutgan yo‘l boshqa yurtlar uchun namuna bo‘la oladimi?
– Janubiy Koreya, Yaponiya va Germaniya iqtisodiy qudrati, shuningdek nufuzli xalqaro tuzilmalar, ayniqsa NATO ko‘magi bilan muvozanatni saqlashga erishgan. Bu o‘lkalar diplomatik hamkorlik, innovatsion loyihalar va bozor mexanizmi orqali jahon siyosatida o‘ziga xos ta’sir kuchini hosil qilgan. Professional armiya, kuchli boshqaruv va tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlar xavfsizlik muhitini yaratgan. Bu tajriba ko‘p mamlakatlar uchun namuna bo‘la oladi, chunki yadro qurolisiz ham xavfsizlikka erishish mumkinligi yaqqol ko‘rinyapti.
– Xalqaro institutlar yadroviy xavfsizlikni boshqara oladimi yoki bu borada shunchaki siyosiy ramz sifatida namoyon bo‘lyaptimi?
– Yadroviy xavfsizlikni ta’minlashda BMT, MAGATE va START kabi xalqaro institutlar muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tuzilmalar yadro quroli tarqalishini nazorat qilish, qoida va shartnomalar orqali davlatlarga mas’uliyat yuklaydi. Binobarin, voqelik taqozo etsa, masalan yirik davlatlar shaffof siyosat yuritmasa yoki manfaatlar to‘qnashuvi kuchaysa, bu institutlar shunchaki ramziy ma’no kasb etib qolishi ham mumkin. Institutlar samarali ishlashi uchun barcha ishtirokchilar ishonchi, qonuniylik va ma’lumotlar aniqligi ta’minlanishi shart.
– Yadro quroli kiber xavfsizlik, sun’iy intellekt va dron texnologiyasi bilan qo‘shilsa, xatar hududi kengayadimi? Bunday kombinatsiya qanday oqibatga olib keladi?
– Yadro quroli zamonaviy kiber xavfsizlik, sun’iy intellekt va dron texnologiyasi bilan birlashsa, xatar yanada kuchayadi. Masalan, yadro boshqaruv tizimiga kiber hujum orqali nazoratni yo‘qotish yoki sun’iy intellekt tomonidan noto‘g‘ri qaror qabul qilish insoniyat uchun kuchli tahdid paydo qiladi. Dron yadro qurolini ko‘chirish yoki bevosita ishlatish xavfini oshirishi mumkin. Shuning uchun davlatlar va xalqaro institutlar hamkorlik va nazorat mexanizmini kuchaytirishlari zarur.
– O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo davlatlari yadro qurolisiz hudud sifatida global tizimda qanday o‘rin egallayapti?
– O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari yadro qurolisiz hudud sifatida dunyo xavfsizligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Bu tashabbus mintaqa barqarorligi, davlatlararo ishonchli munosabat va xalqaro nufuz uchun muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonning ayni yo‘nalishdagi faol siyosati yadro quroli tarqalishining oldini olish, barqaror va tinch rivojlanish sharoitini yaratishga yordam beryapti.
D.Hakimov suhbatlashdi. O‘zA