Atom energetikasi zamonaviy iqtisodiyot va sanoatning barqaror rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan strategik soha hisoblanadi. U nafaqat mamlakatning energiya mustaqilligini ta’minlaydi, balki iqtisodiy o‘sish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ham xizmat qiladi.
Bugungi kunda yadro texnologiyalarini joriy etish orqali ekologik toza, samarali va uzluksiz energiya manbaini yaratishga bo‘lgan intilish dunyo miqyosida tobora ortib bormoqda.

Kuni kecha Toshkent shahrida “Yadro energetika va yadro texnologiyalarning zamonaviy muammolari” mavzusida XI xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda mahalliy va xorijiy olimlar yadro texnologiyalari sohasidagi yutuqlar va yechimlar bo‘yicha fikr almashdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqov ta’kidlaganidek, bu yilgi anjuman alohida ahamiyat kasb etdi. Chunki u nafaqat atom energetikasi va yadro texnologiyalariga bag‘ishlandi, balki taniqli olim, mamlakatimizda yadro fanining asoschisi, akademik Behzod Yo‘ldoshev tavalludining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi.

– Anjuman doirasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida buyuk olim xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik monumenti ochildi. Shuningdek, akademik Behzod Yo‘ldoshevning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan “Zarralarni zabt etgan inson” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu asarda olimning do‘stlari, hamkasblari va shogirdlarining xotiralari, uning ilmga sadoqati va fidoiy mehnati aks etgan. Kitobni o‘qigan har bir kishi Behzod Yo‘ldoshev shaxsiyatining yangi qirralarini kashf etadi va fanga bo‘lgan muhabbatning qanday kuchli ilhom manbai ekanini his etadi, – dedi I.Sodiqov.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugun yadro texnologiyalari iqtisodiyot, energetika, tibbiyot, fazo tadqiqotlari, shuningdek, Arktika mintaqasini o‘rganish kabi sohalarda ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Atom energetikasini rivojlantirish mamlakatlarning iqtisodiy va texnologik barqarorligini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA