Shu kunlarda Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida XXV qishki Olimpiya o‘yinlarida 93 ta davlatning 2871 nafar sportchisi 8 ta sport turining 16 ta yo‘nalishida o‘zaro raqobatlashmoqda.
Olimpiadaning 9 fevral kungi holatiga ko‘ra, medal jamg‘arishda Norvegiya delegatsiyasi 3 oltin, 1 kumush, 2 bronza jami 6 ta medal bilan umumjamoa hisobida peshqadam bo‘lib turibdi. AQSH esa 2 ta oltin bilan ikkinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, kuchli uchlikni italiyalik sportchilar 1 ta oltin, 2 ta kumush va 6 ta bronza medalga ega chiqqan holda yakunlagan.

Hisobida 1 tadan oltin va bronza hamda 2 ta kumushga ega Yaponiya 4-o‘rinda, yagona oltin va ikki kumushni qo‘lga kiritgan Avstriya 5-pog‘onada qayd etilmoqda. Germaniya delegatsiyasida 1 tadan oltin, kumush va bronza mavjud bo‘lib, ular 6-o‘rinni band etmoqda. Chexiya, Fransiya va Shvetsiyadan kelgan sportchilar hozircha bir xil — 1 tadan oltin va kumushga ega bo‘lib, 7-9 o‘rinlarda turibdi. 1 ta oltinni qo‘lga kiritgan Shveysariya jamoasi 10-o‘rinda qolmoqda.

Shuningdek, Koreya Respublikasi va Sloveniya 1 ta kumush, Bolgariya, Kanada va Xitoy esa 1 ta bronza medalga ega. Qolgan davlat sportchilari hozircha medalni qo‘lga kirita olmagan.

Eslatib o‘tamiz, 22 fevral kuniga qadar davom etadigan XXV qishki Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini tog‘ chang‘isida Medet Nazarov, short-trek sport turida esa Daniil Yeybog himoya qiladi.
Jumladan, Medet Nazarov 14 fevral kuni gigant slalom dasturida, 16 fevralda slalom dasturida, Daniil Yeybog esa 16 fevral kuni 500 metrlik bahslarning saralash bosqichida hamda 18 fevralda ushbu masofada o‘tadigan final musobaqalarida startga chiqishi kutilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA