English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XXR hukumati ota-onalarga subsidiya joriy etdi
11:30 / 2025-07-29

Xitoy hukumati uch yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun ota-onalarga yiliga 3 600 yuan ($500) miqdorida yordam puli berishni boshlaydi. Bu mamlakatda tug‘ilish darajasini oshirishga qaratilgan birinchi milliy darajadagi dasturdir.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qo‘llab-quvvatlash strategiyasi 20 million oilaga yordam beradi. Har bir bola uchun jami 10 ming 800 yuangacha subsidiya to‘lanadi. Dastur 2024 yil boshidan amaliy kuchga ega bo‘lib, 2022–2024 yillarda tug‘ilgan bolalari bor oilalar ham qisman to‘lov olishlari mumkin.

Xitoyda aholining kamayishi davom etmoqda. O‘tgan yili o‘lkada 9,54 million bola tug‘ilgan, bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan biroz yuqori bo‘lsada, umumiy aholi soni uchinchi yil ketma-ket qisqardi.

Hukumat so‘nggi yillarda turli viloyatlarda mahalliy rag‘batlantirish choralarini sinab ko‘rgan. Masalan, Hohhot shahrida uchinchi farzandli oilalarga 100 ming yuangacha, Shenyangda esa uchinchi bola uchun oyiga 500 yuan to‘lanadi.

Demografik inqiroz xavfi fonida Pekin mahalliy hokimiyatlarga bepul maktabgacha ta’lim dasturlarini ishlab chiqishni ham buyurdi. Tadqiqotlarga ko‘ra, XXRda bir bolani 17 yoshgacha voyaga yetkazish o‘rtacha 75 ming 700 dollarga tushadi, bu esa tug‘ilishlarning kamayishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA