Afg‘oniston milliy shart-sharoitiga muvofiq, mustaqil ichki siyosat olib borishi kerak. Xitoy Tashqi ishlar vazirligining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Yue Syaoyun bayonoti shu mazmunda.
“Tinchlik, barqarorlik va qayta tiklash jarayonida Afg‘onistonning ichki ishiga xorij aralashuvisiz, xalqaro konstruktiv mintaqaviy hamkorlik zarur, deb hisoblaymiz, bu juda muhim”, dedi u.
Xitoylik diplomat fikricha, xalqaro hamjamiyat inson, xususan, ayollar huquqi hamda Afg‘onistonda inklyuziv hukumat yaratishni muhokama qilmoqda.
– Muammolar haqida gapirar ekanmiz, muhimi, suveren va mustaqil davlatning ichki ishiga hech kim aralashmasligi kerak, – deya ta’kidladi u. –Inklyuzivlik va inson huquqi masalasini suveren hukumat va suveren davlatning o‘zi hal etmog‘i lozim.
Yue Syaoyun qo‘shimcha qilishicha, xalqaro hamjamiyat teng huquq va hurmat asosida Kobul bilan boshqaruv tajribasini o‘rtoqlashishi hamda milliy shartlarga asosan modernizatsiya yo‘lini tanlashida Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlamog‘i lozim.