Ma’lumki, kelgusi yilning 4-20 fevral kunlari Xitoyning Pekin shahrida XXIV qishki olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur nufuzli sport o‘yinlariga boshqa davlatlar qatori mamlakatimiz sportchilari ham qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ayni kunlarda o‘zbekistonlik sportchilar qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bosqichi hisoblangan musobaqa va mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.
Jumladan, shu kunlarda Rossiyadagi Abzakovo va Magnitogorsk chang‘i markazlarida o‘tayotgan saralash musobaqalarida ishtirok etmoqda. Shuningdek, ushbu oy oxirida vakillarimiz Eronda olimpiya o‘yinlari tizimidagi yana bir turnirda qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Pekin-2022 yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishga tog‘ chang‘isi bo‘yicha terma jamoamiz vakillari Komiljon To‘xtayev va Valeriya Kovaleva asosiy da’vogarlar safidan joy olgan. Arman Gayupov va Ra’no Raimqulova ularga zaxira sifatida tayyorlanishmoqda.
E’tiborlisi, Xalqaro chang‘ichilar federatsiyasi reytingida hamyurtimiz Komiljon To‘xtayev litsenzion hududda ko‘rsatilgan. Olimpiya o‘yinlarining yakuniy yo‘llanmalari 2022 yil 17 yanvarda rasman e’lon qilinadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA