Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XXI asr muzeylari: ehtiyoj, talab va ma’naviy tarbiya
17:12 / 2021-09-16

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, professor Jannat Ismoilova bilan qilgan suhbatimiz bugungi kundagi muzeylarning davr talabiga nechog‘li javob berishi, odamlarning muzeyga bo‘lgan qiziqishlari, xorij muzeylari bilan hamkorlik xususida kechdi.

– Jannat opa, suhbatimizni muzeyda kimlar ishlashi va ular qaysi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishi haqidagi ma’lumotlar bilan boshlasak?

–  Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn institutida O‘zbekistonda yagona muzeyshunoslik yo‘nalishi bor. Ana shu yo‘nalishni tamomlagan  talabalar muzeylarga muzeyshunos sifatida ishga qabul qilinadi. Lekin bizda tarix, tabiat, geologiya, arxeologiya, meditsina sohasidagi muzeylarimiz ham ko‘p. Shu bois, hozir muzeylardagi kadrlarning bilim darajasi va mutaxassisliklarni qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Sababi xohlagan odamingizdan “Muzeyda kimlar ishlaydi?” deb so‘rasangiz, ekskursavodlar deb javob beradi. Chunki xalqimizning aksariyat qismi muzeyshunoslar mehnatini, faoliyatini  to‘la tasavvur eta olmaydilar. Chunki haqiqiy muzeygina jamiyatga eng to‘g‘ri, eng qiziqarli ma’lumotlarni zamonaviy ekspozitsiyalar orqali yetkazib berish bilan birga vatanparvarlik hissini shakllantira  oladi.  

Muzeyda faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy xodimlar, xazinabonlar, restavratorlar, dizayner rassomlar, axborot texnologiyalari, texnika vositalari bo‘yicha mutaxassislar, ekskursovodlar kabi xodimlar muzeyning to‘laqonli faoliyati va mazmun-mohiyati uchun ma’sul shaxslar hisoblanadi. Asosan muzeyda tarixshunoslar, san’atshunoslar, muzeyshunoslar va muzeyning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar faoliyat ko‘rsatadi.

–   bugungi global texnika asrida muzeylar qay darajada jamiyat uchun muhim hisoblanadi?

–  bugungi kunda muzeylar avvalgidek faqatgina madaniy merosni saqlovchi va avloddan-avlodga yetkazuvchi maskan, balki ta’lim tizimi, madaniy muassasalar bilan bir qatorda jamiyatning va madaniy hayotning ajralmas bir bo‘lagiga aylandi. Endilikda muzeylar  nafaqat ashyolarni moddiy jihatdan namoyish etish, balki millatlararo do‘stlik g‘oyalarini   targ‘ib etish, mamlakatlararo madaniy muloqotga kirishish, umumbashariy tarix va madaniyat rivojida mamlakatlar o‘rniga xolisona baho berish uchun  juda katta mafkuraviy ilmiy muassasa sifatida shakllandi.

–O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida bugungi kunda 344 mingga yaqin osori-atiqa bor. Ularning eng noyoblari qaysilar?

–Aslida muzeyimizdagi osori-atiqalarning hammasi men uchun noyob sanaladi. Lekin ulardan eng noyoblari, ya’ni dunyoda yagona nusxalalari bor. Bular ikki boshli ilon. Bu miloddan avvalgi ikki minginchi yil bilan belgilanadi. Yana bir noyob asarimiz  budda haykali bo‘lib, birinchi asrga to‘g‘ri keladi. Ikkisi ham dunyoda yagona eksponatlar. Shunaqa eksponatlarimiz judayam ko‘p. Ular hammasi biz uchun qadrli. Bular o‘zbek xalqi tarixining yorqin sahifalarini isbotlovchi dalillar hisoblanadi.  

– Xalqaro muzeylar bilan hamkorlik aloqalari qanday yo‘lga qo‘yilgan?

– Ochig‘ini aytsam, ilgari xorijiy davlatlardagi muzeylar bilan shartnoma tuzish uchun   yuzta chig‘iriqdan o‘tishga to‘g‘ri kelardi. Borasiz, to‘siqqa uchraysiz, oxiri bor-e, kerakmi shu, deb qo‘l siltab yuborishga to‘g‘ri kelardi.  O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Rossiya, AQSH, Omon sultonligi, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Hindiston, Ozarbayjon kabi  xorijiy davlatlarning muzeylari bilan 3 yil ichida 15 ta  shartnoma imzoladik. Ular bilan xalqaro darajadagi ko‘rgazmalarni tashkil etdik. Pandemiya davrida ham Ozarbayjon, Turkiya muzeylari bilan onlayn xalqaro konferensiyalar o‘tkazdik. Prezidentimiz tomonidan imkoniyatlar eshigining ochilishi bizlarga yana bir pog‘onaga o‘sishimizga zamin yaratdi.  

Xorijiy hamkorlik muzeylar tajribasining o‘sishiga katta tajriba  va, o‘z navbatida, o‘zbek xalqi tarixini butun dunyoga targ‘ib etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

– Nega odamlar ko‘proq xorijdagi muzeylarga borishga qiziqadi?

– Bizning mentalitetimizga xos bo‘lgan tabiiy bir xususiyatimiz bor. Ya’ni ko‘pincha o‘zimizning moddiy, tabiiy boyliklarimizga unchalik e’tibor bermaymizu, boshqalarnikini ko‘rganda havasimiz keladi. Juda ko‘p insonlar O‘zbekistonda yashab turib, o‘z yurtidagi birorta muzeyga kirmagan bo‘lsayam, xorijga borganda albatta muzeyga kirishadi. Bu haqda hattoki to‘lqinlanib so‘zlab berishadi. Shaxsan  men har bir inson eng avvalo o‘zi yashayotgan davlatning tarixini, madaniyatini chuqur bilishi va boshqa davlatlarga borganda ularni solishtiradigan darajada bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Lekin xorijiy muzeylarning  asosiy yutug‘i ularning zamon talabidagi binolari, zamonaviy texnik vositalarni ekspozitsiyalarga uyg‘unlashtira olish mahorati  va jamiyatning muzeylarga nisbatan munosabatida deb bilaman. Ammo O‘zbekiston muzeylari mazmun-mohiyati jihatidan boshqa muzeylardan kam joyi yo‘q. O‘zbekiston tarixi juda boy va uni  qanchalik e’tirof qilsak, shuncha oz.

– Balki xorijdagi muzeylar odamlarni hayratlantirar, yangiliklar qilib turishar?  

–  To‘g‘ri, ularning imkoniyatlari biznikidan ikki-uch barobar katta. Ularda innovatsion texnologiyalarga alohida e’tibor beriladi. Bu soha bo‘yicha bizlardan 10-15 yil oldinda. Ba’zida texnik vositalar bilan ta’minlash darajasi unchalik rivojlanmaganligi yoki mablag‘ sababli ko‘p ashyolarimizni  talab darajasida ko‘rsata olmay qoladigan holatlarimiz ham bo‘ladi.

– O‘zbekistondagi muzeylarning xorijliklarni hayratga soladigan jihatlari nimada deb o‘ylaysiz?

–Bilasizmi, muzeyga bahoni tashrifchi beradi. Shu sabab kelgan mehmonlarni fikri biz uchun juda qadrli.  Amerikadan kelgan bir muzeyshunos ekspert muzeyimizni obdon aylanib chiqqanini ko‘rgach, tanqid qilishini kutgandim. U kishi “Menga bu yerdagi ekspozitsiyalar xronologiya, ya’ni tarixiy sanalar bo‘yicha ketma-ketlikda qilingani judayam yoqdi. Muzeyga kirgan inson davrma-davr sayohat qilib, bugungi kunga yetib kelarkan. Bu mamlakatning tarix sahnasida qanday o‘rni borligini his etdim”  dedi. Xaqiqatan ham, bizning tariximizdagi buyuk davlat arboblari,  allomalar va mutafakkirlarning dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Muzeyga kirgan har bir inson O‘zbekiston qanaqa davlat bo‘lgan ekan, degan savolga javob izlaydi va agar  bu savolga shu yerdan javob topa olsa hamda o‘z xalqiga nisbatan faxr tuyg‘usi paydo bo‘lsa, demak, biz o‘z vazifamizni bajarayapmiz, desak bo‘ladi.

– Ota-onalar farzandlarini muzeylarga olib kelib turishadimi?

– Bu savolingiz mening eng og‘riqli nuqtam, desam ham bo‘ladi. To‘g‘risini aytish kerak, juda kam ota-onalar bolalarini qo‘llaridan yetaklab, muzeyga olib kelishadi. Aksariyati esa o‘g‘il-qizlarini istirohat bog‘lariga, to‘y-ma’rakalarga olib borish uchun vaqt ham, mablag‘ ham topishadi, ammo muzeyga borish shart emas, deb o‘ylashadi chog‘i. Biz farzandlarimizning muzeyga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish uchun Oliy ta’lim muassasalari va  maktablar bilan shartnomalar tuzganmiz. Haftaning seshanba va juma kunlari maktab o‘quvchilari,  har oyning birinchi yakshanbasida barcha fuqarolar muzeyga bepul kirishlari mumkin.  

 Afsuski, bog‘cha tarbiyalanuvchilarining tashrifi esa juda oz. Biz ma’naviy tarbiyani qanchalik erta boshlasak, uning natijasi ham shu darajada tez o‘zini namoyon etadi.

Jamiyatimizda qancha  o‘z tarixini sevuvchi va o‘zligini anglagan insonlar ko‘p bo‘lsa, shu darajada  xalqimiz ma’naviy  boy va  vatanparvar bo‘lib shakllanadi. Muzeylarimizning asl maqsadi ham shu va bu yo‘lda fidoyilarcha faoliyat olib borilmoqda.

 

O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.