O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 25 martdagi “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida“ farmonida sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berilgan.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) bilan hamkorlikda bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Bu haqda Bojxona qo‘mitasida Xalqaro valyuta fondining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo departamenti Bosh iqtisodchisi Alexandro Simon bilan uchrashuvda so‘z yuritildi.

Uchrashuvda qo‘mita raisining o‘rinbosari N.Musamuhamedov O‘zbekistonda bojxona tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Xalqaro valyuta fondining Daromadlarni boshqarish departamenti yetakchi mutaxassislarining Bojxona qo‘mitasidagi diagnostik missiyasiga start berildi.

Missiya davomida Bojxona qo‘mitasi markaziy apparati tarkibiy tuzilmalari faoliyati o‘rganilib, kelgusidagi maqsadlarni belgilash orqali sohani yanada rivojlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalar taqdim etish nazarda tutilgan.
Missiya 25 aprelga qadar davom etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA