English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xususiylashtirish va boshqaruv” mavzusida xalqaro anjuman
20:11 / 2025-01-20

Keyingi yillarda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari xalqaro ta’lim tizimlari bilan hamkorlikda turli loyiha va dasturlarni amalga oshirib kelmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Bank-moliya akademiyasi tomonidan tashkil etilgan Janubiy Koreya, AQSH va Polshaning nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumandir. 

Universitetlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida dunyo bo‘ylab 700 dan ziyod OTMni qamrab olgan, YUNESKO dasturi doirasida o‘tkazilgan “Xususiylashtirish va boshqaruv” mavzusidagi xalqaro tadbirda O‘zbekiston, Koreya, AQSH va Polsha oliy ta’lim muassasalari olimlari ishtirok etdi. Qator qiziqarli mavzular bo‘yicha taqdimotlar qilindi.

Xususan, ma’ruzalarda O‘zbekiston ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar va o‘quv yurtlari mustaqil faoliyat yuritishi uchun yaratilgan sharoit muhokama qilindi. Islom moliyasi vositalaridan foydalanish orqali yurtimizda iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati, AQSH tajribasi va ularning iqtisodiy rivojlanishga ta’siri, Polshada amalga oshirilgan iqtisodiy o‘zgarish kabi masalalarda ilmiy yondashuvlar bayon qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur konferensiya turli mamlakatlar olimlari va tadqiqotchilarini bir joyga to‘plab, ularning ilmiy izlanishlari natijalarini o‘rganish va birgalikda yangi ilmiy loyihalarni boshlash imkonini berdi. Bu kabi xalqaro anjumanlar ta’lim sifatini oshirish, innovatsiyalarni joriy etish va xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. 

– Konferensiya xususiylashtirish va korporativ boshqaruv haqida bo‘ldi, – dedi Polsha-Yaponiya axborot texnologiyalari akademiyasi professori Mateush Kovalik. – O‘zbekiston bu borada muhim davrga qadam qo‘ymoqda. Zero, xususiylashtirish uchun katta imkoniyat mavjud. Mazkur uchrashuv sohada O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida samarali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi. 

Anjuman ishtirokchilari mavzular bo‘yicha qizg‘in bahs-munozara o‘tkazib, yangi ilmiy yondashuv va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga kelishib oldi. 

Xususiylashtirishning iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi muvozanat hamda global tajribani O‘zbekistonga moslashtirish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA