Xususiylashtirish samaralari
Toshkent viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonuni hamda davlat mulkini xususiylashtirish bilan bog‘liq dasturlarning viloyatda ijro etilishini o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonuni hamda davlat mulkini xususiylashtirish bilan bog‘liq dasturlarning viloyatda ijro etilishini o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda senatorlar, xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputatlari, viloyat mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyat, tuman, shahar hokimlarining o‘rinbosarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan demokratik, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish jarayonida xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushini hamda uning raqobatbardoshligini oshirishning eng muhim vazifasi sifatida davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonuni bu borada mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjat nodavlat sektorning iqtisodiyotdagi ulushini yanada kengaytirish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlariga xususiy investorlarni jalb qilishni rag‘batlantirish, salohiyatli sarmoyadorlarning barcha toifalari uchun xususiylashtirish jarayonida teng ravishda ishtirok etishini ta’minlash, mulk huquqini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Toshkent viloyatida mazkur qonun hamda davlat mulkini xususiylashtirish bilan bog‘liq dasturlarning ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, davlat mulkidan oqilona foydalanish, foydalanilmayotgan hamda qurilishi tugallanmagan davlat mulki obyektlarini, bo‘sh turgan yer uchastkalarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish hamda boshqa yo‘nalishlarda muayyan ishlar amalga oshirilgan.
– Viloyatda mavjud 416 davlat mulki obyektini ommaviy savdoga qo‘yish hamda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar qabul qilish sharti bilan “nol” qiymatda sotilishi borasida tegishli ishlar amalga oshirilgan, – deydi Davlat raqobat qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Mirazim Mirtolipov. – Viloyat bo‘yicha davlat mulkini xususiylashtirish bilan bog‘liq dasturlarga asosan, jami investitsiya majburiyatlari evaziga “nol” qiymatda sotilishi belgilangan 202 obyektdan 163 davlat mulki obyekti sotilgan. Qolgan 39 obyekt belgilangan tartibda savdoga chiqarilgan.
Viloyatda jami 242 davlat aktivi ommaviy savdolar orqali xususiylashtirilishi belgilangan. Shundan 30 obyekt ommaviy auksionga, 104 obyekt ommaviy oferta savdolariga chiqarilgan. O‘rganish davrigacha 74 davlat mulki obyekti 35,4 milliard so‘mga sotilishi ta’minlangan.
Tadbirda viloyatda sohaga tegishli qonun, davlat mulkini xususiylashtirish bilan bog‘liq dasturlar ijrosini ta’minlash borasida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar ham muhokama etildi.