Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish hamda xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti dastlabki tarzda eshitildi.
Senatorlar muhokama davomida so‘nggi yillarda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish, samarasiz ishlayotgan hamda istiqbolsiz korxonalarni tugatish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Xususan, 2021 yildan buyon ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan 500 dan ziyod xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari, 3,4 mingga yaqin ko‘chmas mulk ob’ektlari xususiylashtirilgan, 1 ming 27 korxona tugatilgan va 964 tasi qayta tashkil etilgan.

Shuningdek, 2021-2024 yillarda davlat aktivlarini xususiylashtirish natijasida 35,8 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
O‘tgan 2024 yilning noyabr oyida ilk bor “Xalqchil IPO” dasturi doirasida Respublika tovar-xomashyo birjasining 3 milliondan ortiq aksiyasi aholiga sotilib, qariyb 11 ming kishi aksiyadorga aylangan.
Hududlarda davlat aktivlaridan samarali foydalanib, mahalliy byudjetga tushumni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar ham o‘z samarasini bermoqda.
Jumladan, 2021-2024 yillarda bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulki ob’ektlarini ijaraga berish hisobiga qariyb 1,4 trillion so‘m miqdorida tushumlar ta’minlanib, ularning 245,1 milliard so‘mi mahalliy byudjetlarga yo‘naltirilgan.

Tadbirkorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar samarasi o‘laroq xususiy sektorga 50 dan ortiq davlat xizmati ko‘rsatilgan.
Majlis davomida senatorlar davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalarning yarmi zarar ko‘rib ishlayotgani, faoliyatsiz va tugatish jarayonida ekanligini qayd etdi. Ushbu korxonalarning asosiy qismi Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.
Senatorlar mas’ul idoralarga davlat mulkini xususiylashtirishda boshlang‘ich narxni pasaytirish mexanizmlarini o‘z vaqtida qo‘llamaslik, sotib olingan davlat aktivlarida investitsiya majburiyatlarini bajarmaslik kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.
Majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA