Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xususiylashtirish – iqtisodiy taraqqiyot va aholi farovonligi kafolati
16:47 / 2025-09-10

Prezidentimizning joriy yil 21 apreldagi “2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda xususiy sektorni yangi bosqichda rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham davlat va jamiyat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirishning istiqbolli rejalari o‘z ifodasini topgan. Shunga muvofiq 2030 yilgacha nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish va davlat ishtirokidagi korxonalarni olti baravarga qisqartirish belgilab olingan. Bunda davlat ishtirokidagi yirik korxonalar va tijorat banklarini transformatsiya qilib, ular tarkibidagi raqobat muhiti shakllangan sohalardagi korxonalar sonini kamaytirish, xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish belgilab olingan.

Davlatimiz rahbarining yuqoridagi farmonida 2025 yilda xususiylashtirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish va kamida 10 trillion so‘m tushumni ta’minlash, davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli 115 ta jamiyat ustav kapitalidagi ulushlarni, 659 ta ko‘chmas mulk ob’ektini va 6,1 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish, dastlabki bosqichda kamida 30 ta foydali qazilma kon va uchastkalardan foydalanish huquqini savdoga chiqarish, shuningdek, 2030 yil 1 yanvargacha davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy etish kabi vazifalar ilgari surilgan.

Surxondaryo viloyatida yilning o‘tgan davrida bu borada qanday ishlar amalga oshirilgani bilan qiziqib, O‘zA muxbiri Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Samandar Xudoyberdiyev bilan suhbatlashdi. 

– Suhbatimizni farmonda xususiy sektor vakillariga berilayotgan imtiyoz va qulayliklar bilan boshlasak, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Samandar Xudoyberdiyev. – Chunki, mazkur hujjat bilan xususiylashtirish va davlat mulkini ijaraga berish yo‘nalishlarida ham bir qator imtiyoz va qulaylik yaratildi.

Jumladan, davlat aktivini sotib olish to‘lovlari 1 oy davomida to‘langan taqdirda xaridorga xarid summasidan Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma qo‘llaniladigan bo‘ldi. Davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari va davlat ulushlarini sotib olish to‘lovlarining miqdoriga qarab 3 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi.

Mehmonxona va turizm xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha davlat mulkini savdoga chiqarishda xarid to‘lovlari miqdoridan qat’iy nazar, ularni 5 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Tibbiyot va ta’lim tashkilotini tashkil etish uchun auksion savdolarida sotilgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarining sotib olish narxidan qat’iy nazar, barcha xaridorlarga xarid to‘lovlarini besh yil muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi.

Davlat mulkini ijaraga olishda ijaraga oluvchi tomonidan yillik ijara to‘lovlari 1 oy davomida to‘langan taqdirda unga yillik ijara summasidan Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma beriladi (bundan chegirma qo‘llamaslik sharti bilan ijaraga berilgan hamda bir yildan kam muddatga tuzilgan va boshqa imtiyozlar qo‘llangan ijara shartnomalari mustasno).

“E-auksion” orqali ijaraga olinganiga kamida 5 yil bo‘lgan davlat mulki ob’ektini kapital ta’mirlash, modernizatsiya qilish, tevarak-atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan va ijara to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lab kelingan davlat mulki ob’ektining ijaraga olingan qismini baholangan qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish huquqi berildi.
– Farmonda viloyatda xususiylashtiriladigan ob’ektlar, ulush va aktivlar, yer uchastkalarining manzilli ro‘yxati ko‘rsatilgan. Surxondaryoda vazifalar ijrosini ta’minlash uchun qanday ishlar olib borilmoqda? 

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 apreldagi farmoni bilan tasdiqlangan “2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi” doirasida vohada ikkita davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning tegishli jamiyat ustav kapitalidagi ulushi hamda ikkita aksiya va ulush, 51 ta ko‘chmas mulk ob’ektini xususiylashtirish, 480 gektar yer uchastkasidan foydalanish huquqini savdoga chiqarish belgilangan. Prezidentimizning mazkur masalaga bag‘ishlab o‘tkazgan selektor yig‘ilishida Surxondaryo viloyat markazidagi barcha davlat tashkilotlarining birinchi qavatini bo‘shatib, savdo, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun tadbirkorlarga ijaraga berish topshirig‘i berilgan.

Shuningdek, Termiz shahri misolida ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlarida, ko‘p qavatli uylar oldidagi muhofaza zonalarining ortiqcha qismlarida hududning arxitekturaviy yechimi bilan uyg‘unlikdagi loyiha asosida xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirilgan. Bu borada ham tegishli ishlar olib borilayotir. Ikkinchidan, bo‘sh va samarasiz turgan barcha yer hamda binolarni aniqlash, ularni auksionga chiqarish, tibbiyot, ta’lim va madaniyat tashkilotlariga tegishli bo‘sh turgan binolarning “profili”ni o‘zgartirmaslik sharti bilan berilishini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. 

Dasturda viloyatdagi o‘nta maktabgacha va maktab ta’limi, ikkita madaniyat sohasi, bitta sog‘liqni saqlash tizimi ob’ektlarining ixtisoslashuvini o‘zgartirmasdan sotuvga chiqarish belgilangan. Mazkur shartlar asosida xususiylashtirish imkoni mavjud bo‘lgan qo‘shimcha ob’ektlarni aniqlash yuzasidan xatlov ishlari olib borilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda. 
– Farmonda mulklarni to‘g‘ri sotib olish huquqi ham nazarda tutilgan. Shu yo‘nalishdagi ishlar xususida nima, deya olasiz?

– Suhbatimiz avvalida aytganimdek, xususiylashtirishning yangi bosqichini boshlab bergan ushbu hujjatda Surxondaryo viloyatida 53 ta davlat aktivi, ya’ni ikkita aksiya va ulush, 51 ta ob’ekt xususiylashtirilishi belgilangan. Shu kungacha sotilishi lozim bo‘lgan 2 ta davlat ulushidan 1 tasi– ¬ “Saxovat” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 0,3 foiz davlat ulushi 32,2 million so‘mga jamiyat ta’sischilariga uch tomonlama shartnoma asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotildi. Ikkinchisi –¬ “Yashil dunyo” markaziy dehqon oziq-ovqat bozorining 100 foiz davlat ulushini baholash ishlari yakunlanmoqda.

Mavridi kelganda aytish kerakki, viloyatda 51 ta davlat aktivini ommaviy savdolar orqali sotish belgilangan bo‘lib, shundan 44 tasi yoki 86,2 foizi savdoga chiqarilib, shu paytgacha 15 tasi sarmoyadorlarga 12,4 milliard so‘mga sotildi. Natijada yangi savdo, servis va xizmat ko‘rsatish sohalari barpo etilib, 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Ayni paytda qolgan 7 ta ob’ektni savdoga chiqarish yuzasidan mutaxassislar birlamchi hujjatlarni shakllantirmoqda.

– Ma’lumki, bu jarayonlarning barchasi mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish, aholi bandligini ta’minlab, turmush darajasini oshirishga qaratilgan. Masalaga shu jihatdan yondashadigan bo‘lsak, vohada yer uchastkalarini savdoga chiqarish aholi bandligini ta’minlashga qanday ta’sir etmoqda?
– Farmonda viloyat bo‘yicha 480 gektar yer uchastkasining ommaviy savdolarga chiqarilishi belgilangan bo‘lib, hozirgacha umumiy maydoni 355,3 gektar bo‘lgan 1 ming 774 ta qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkasi 220,2 milliard boshlang‘ich narx bilan ommaviy savdoga chiqarildi.

106,3 gektar 1 ming 172 ta qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasi tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun tadbirkorlarga mulk va ijara huquqi asosida 78,9 milliard so‘mga sotilib, besh yuzdan ortiq yangi ish o‘rni barpo etildi. Bu borada olib borilayotgan barcha ishlar janubiy viloyat iqtisodiyoti va odamlarning farovon hayotini ta’minlash uchun yo‘naltirilgan.

Nilufar Bozorova, O‘zA