Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xususiylashtirish dasturi – iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi
11:07 / 2025-04-26

2025 yilda 30 trln so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalari sotiladi, davlat ishtirokidagi yangi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy etiladi, xususiylashtirish va davlat mulkini ijaraga olishda imtiyozlar beriladi, davlat mulkini boshqarish va sotishning yangi mexanizmlari joriy etiladi – Prezident farmoniga sharh.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat mulkini bosqichma-bosqich xususiylashtirish yo‘nalishida: 2021–2024 yillarda 47 trillion so‘mlik davlat aktivlari sotilgan (https://uza.uz/posts/702546). Bu – oldingi o‘n yillikdagi ko‘rsatkichdan 30 karra ko‘p. Bular hisobiga davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2 karra qisqarib, iqtisodiyotda davlat ulushi 13 foizga kamaygan. Xususiylashgan mulk samaradorligi ham bir necha barobar oshgan. Albatta, bu orqali tadbirkorlik muhitini yaxshilash, yer va mulk ob’ektlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsad qilingan.

Muhimi, jarayon noto‘g‘ri yoki shoshma-shosharlik bilan amalga oshirilmayapti – barchasi rejalashtirilgan va shaffof. Shu tufayli davlat mulkini xususiylashtirishning foydali tomonlariga o‘taversak ham bo‘ladi.

Avvalo, ma’lumki, xususiy sektor foyda olishga intiladi. Bu esa korxonalarni samaraliroq ishlashga undaydi. Natijada mahsulot va xizmat sifati oshadi.  

Yana bir muhim afzallik shuki, davlat xususiylashtirilgan korxonalarni boshqarish va moliyalashtirishdan ozod bo‘ladi. Bu orqali tejalgan byudjet mablag‘lari ta’lim, sog‘liqni saqlash va infratuzilma kabi muhim sohalarga yo‘naltirilishi mumkin bo‘ladi.

Xususiylashtirilgan korxonalar samarali faoliyat yuritib, foyda ko‘rgan sari soliqlar to‘laydi. Bu esa davlat byudjetiga qo‘shimcha daromad keltiradi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlat byudjetining asosiy daromad manbalari — masalan, foydali qazilmalar va energetika sektori — deyarli xususiylashtirish jarayonidan mustasno etilgan. Shuning uchun xususiylashtirish davlat daromadlariga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Shuningdek, xodimlarni qisqartirish ehtimoli ham o‘z yechimini topadi. Sababi, xususiy sektor rivojlangani sari yangi ish o‘rinlari yaratiladi, bu esa ishsizlik darajasini kamaytirishga xizmat qiladi.

Eng muhimi esa davlat ishtiroki kamayganda, korrupsiya xavfi ham kamayadi, chunki qarorlar ko‘proq bozor tamoyillariga asoslanadi.

Yaqinda xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish maqsadida “2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida” Prezident farmoni [PF-70-son] qabul qilindi.  

Farmonga ko‘ra, 2025 yilda xususiylashtirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

– 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish va kamida 10 trillion so‘m tushumni ta’minlash;

– davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli 115 ta jamiyat ustav kapitalidagi ulushlarni, 659 ta ko‘chmas mulk ob’ektini va 6,1 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish;

– dastlabki bosqichda kamida 30 ta foydali qazilma kon va uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga chiqarish.

Farmonning asosiy jihatlariga to‘xtalamiz.

Davlat ishtirokidagi yangi korxonalarni tashkil etishga moratoriy

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish va xususiy sektor ulushini oshirish maqsadida, 2030 yil 1 yanvargacha davlat ishtirokidagi yangi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy etiladi. Bunda mudofaa va xavfsizlik sohasidagi korxonalar hamda Prezident qarorlarida belgilangan alohida holatlar bundan mustasno hisoblanadi.

Xususiylashtirish va davlat mulkini ijaraga olishda imtiyozlar beriladi  

Jumladan, davlat aktivlarini xususiylashtirishni jadallashtirish maqsadida:

– maydoni 10 ming kvadrat metrga qadar bo‘lgan davlat mulki ob’ektlari yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaradigan tadbirkorlarga 5 yil muddatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tekin foydalanishga beriladi. Agar shartlar bajarilsa, ular ushbu mulkni baholangan qiymatda sotib olishlari mumkin;

– agar ko‘chmas mulk ob’ektlari bir yildan ortiq vaqt davomida sotilmasa, ular boshqalar uchun ham jozibador bo‘lmagan holda boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitaliga kiritiladi;

– tugatilayotgan "O‘zpaxtasanoat" AJ va uning korxonalari aktivlari uch oy davomida sotilmasa, boshlang‘ich bahosi 50 foizgacha pasaytiriladi va sotib olish to‘lovlari uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi;

– bozorlar va savdo majmualarining ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtiroki talab qilinmaydi.

Yer uchastkalari sotilishini jadallashtirish maqsadida:

– qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari ochiq elektron auksion orqali ijara asosida olingan bo‘lsa, va bu yerlar shaharsozlik hujjatlariga (bosh reja, batafsil rejalashtirish loyihalari va boshqalar) mos kelsa, hamda ijara shartnomasida boshqa shartlar belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa, to‘lovlar to‘liq to‘langach, bu yerlar O‘zbekiston fuqarolari yoki yuridik shaxslar tomonidan xususiylashtirilishi mumkin;

– mahalliy hokimiyatlar auksionga chiqaradigan yer uchastkalari, asosan, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan va tayyor loyihasi bor tadbirkorlarning taklifiga asosan tanlanadi;

– auksionda turgan, o‘zaro yonma-yon joylashgan kichik maydonli yer uchastkalari, shaharsozlik normalariga asosan, birlashtirilib, hech qanday qo‘shimcha kelishuvsiz yana auksion savdosiga chiqariladi.

Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish maqsadida:

– agar ijaraga oluvchi ijara shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir oy ichida yillik ijara to‘lovini to‘liq to‘lasa, unga yillik ijara summasidan Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi asosiy stavkasi miqdorida chegirma beriladi. Biroq bu imtiyoz quyidagilarga qo‘llanilmaydi: chegirma belgilanmasligi sharti bilan tuzilgan shartnomalar; bir yildan kam muddatga tuzilgan ijara shartnomalari; boshqa imtiyozlar qo‘llangan shartnomalar.

– agar biror ob’ekt olti oy davomida elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilmasa, uning boshlang‘ich narxi 50 foizga pasaytiriladi. Bu pasaytirilgan narx bilan ham ob’ekt ijaraga olinmasa, auksionda faqat bitta ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa ham, u auksion o‘tkazilgan deb hisoblanadi.

Davlat mulkini boshqarish va sotishning yangi mexanizmlari joriy etiladi

Xususan, Toshkent, Nukus, viloyatlar va tuman/shahar markazlaridagi davlat tashkilotlari va davlat ulushi bor korxonalar ma’muriy binolarining birinchi qavati bo‘shatilib, elektron onlayn auksion orqali tadbirkorlik sub’ektlariga savdo va xizmat (servis) ob’ektlari tashkil etish uchun ijaraga beriladi (To‘liq sotiladigan yoki alohida ahamiyatga ega binolar bundan mustasno).

2025 yil 1 iyuldan boshlab, Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari “Davlat mulki” axborot tizimi orqali davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar ko‘chmas mulklarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron auksionga chiqarish uchun ariza berish huquqiga ega bo‘ladi.

Savdo-sanoat palatasi hududiy bo‘linmalari yoki hokim yordamchilarining arizasi asosida sotilgan, bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlaridan tushgan summaning boshlang‘ich narxidan oshgan qismidan 10 foiz ajratiladi. Bu mablag‘ Savdo-sanoat palatasiga yoki Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga hamda ob’ekt joylashgan mahalla fuqarolar yig‘iniga teng ulushda beriladi.

Agar davlat ko‘chmas mulki (Toshkent, Nukus va viloyatlar markazlari bundan mustasno) ommaviy savdolarda ikki oydan ortiq vaqt davomida sotilmasa, ularni sotishni tezlashtirish uchun “E-auksion” platformasida ro‘yxatdan o‘tgan rieltorlik tashkilotlari Davlat aktivlari agentligi bilan tuzilgan shartnoma asosida jalb qilinadi.

Agar davlat ulushi kamida ikki xil usulda xususiylashtirishga urinishiga qaramay, olti oy ichida sotilmasa, vakolatli davlat organi qarori asosida aksiyadorlar (yoki ishtirokchilar) ro‘yxatidan chiqish yoki korxonani tugatish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat etiladi.

Davlat mulkini xususiylashtirish dasturi qabul qilingan kundan boshlab, xususiylashtiriladigan davlat mulkini boshqa shaxsga berish, hisobdan chiqarish, garovga qo‘yish, xatlash yoki majburiy realizatsiya qilish taqiqlanadi.

Davlat aktivlari agentligiga tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tan olingan qarzdorliklarni oldi-sotdi yoki ijara shartnomalari bo‘yicha inkasso topshiriqnomasi orqali undirish vakolati beriladi.

Agar tadbirkorlik sub’ekti (shu jumladan, davlat ishtirokidagi korxona) tugatilayotgani haqida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ xabardor qilinsa, o‘sha kundan boshlab uning moliyaviy va xo‘jalik faoliyati to‘xtatiladi. Ya’ni bu paytdan boshlab, yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, suv resurslari uchun soliq, shuningdek, barcha boshqa soliq va yig‘imlar bo‘yicha penya, dividendlar hisoblanmaydi.

Agar xo‘jalik jamiyati yoki nodavlat notijorat tashkiloti ixtiyorida davlatga tegishli (xususiylashtirilmaydiganlardan tashqari) ko‘chmas mulk bo‘lsa, u Davlat aktivlari agentligi qarori bilan, yuqori turuvchi organning roziligi asosida, boshqa bir davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi bilan tekin berilishi mumkin.

Vazirliklar, idoralar va ularning tizimidagi tashkilotlarga tegishli respublika mulki bo‘lgan ma’muriy binolar (sudlar, qurolli kuchlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar binolari bundan mustasno) Kadastr agentligi bilan birgalikda Davlat aktivlari agentligiga davlat mulki sifatida qayta rasmiylashtiriladi. Keyinchalik bu binolar har bir xodim uchun belgilangan me’yorlar asosida tekin foydalanish huquqi bilan joylashtiriladi.

Respublika byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari yoki boshqa davlat mablag‘lari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan mulklar — respublika mulki hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, mahalliy byudjet yoki mahalliy hokimiyat mablag‘lari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan mulklar esa munitsipal mulk hisoblanadi.  Agar mulk har ikki manba hisobidan vujudga kelgan bo‘lsa, u qaysi tashkilot balansida bo‘lsa, shu asosda toifasi belgilanadi.

Xususiylashtirish dasturlariga kiritilgan aktivlar (ko‘chmas mulk, ulushlar, aksiya paketlari) ikki oy ichida vakolatli organlarga topshirilmasa, Davlat aktivlari agentligi bu aktivlarni o‘z nomiga bir tomonlama topshirish-qabul qilish dalolatnomasi (depo topshiriqnoma) orqali rasmiylashtiradi.

2025 yil 1 oktyabrdan boshlab, egasiz ko‘chmas mulk ob’ektlarini davlat mulki sifatida ro‘yxatga olish uchun sudga murojaatni Davlat aktivlari agentligi kiritadi.

Umidjon Qurbonov, O‘zA