Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-yanvar kuni davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda sohadagi ishlar ahvoli va kelgusi rejalar tanqidiy muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, tarmoq va hududlarda samarasiz ishlatilayotgan 2 mingta ob’ekt borligi aniqlandi.
Jumladan, neft-gaz tarmog‘ida 210 ta, aloqa sohasi korxonalarida 152 ta, davlat tijorat banklarida 114 ta, kimyo tarmog‘ida 44 ta, energetikada 28 ta sotiladigan bino bor. Viloyat hokimliklari balansida ham 170 ga yaqin bo‘sh ob’ekt yillar davomida sotilmay turibdi.
Yig‘ilishda bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga intizomiy choralar ko‘rilishi belgilandi, ayrimlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Joriy yilda sohadagi ishlarni faollashtirib, natijadorlikni ikki barobar oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Masalan, hududiy ob’ektlar va noqishloq yerlarni xususiylashtirish orqali yil yakunigacha jami 8 trillion so‘mdan ziyod tushumni ta’minlash mumkin.
Shu bilan birga, xatlovni davom ettirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Nosohaviy, samarasiz va bo‘sh turgan aktivlarni aniqlash hamda ochiq savdolarga chiqarishga viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlari shaxsan mas’ul etib belgilandi.
Bugungacha savdoga qo‘yilgan 33 mingta yer uchastkasini mulk huquqi asosida sotish, shuningdek, 1 iyulga qadar yana 25 mingta maydonni auksionga chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Yo‘l, transport, neft-gaz, energetika, avtomobilsozlik tarmoqlariga qarashli 266 ta korxonani alohida yondashuv asosida savdoga chiqarish kerakligi aytildi.
– Hali ko‘plab tarmoq rahbarlari tizimidagi nosohaviy korxonalarni samarasiz ishlatmoqda. Yirik tarmoqlarda 480 ta korxonadagi davlat ulushini to‘liq xususiy sektorga berish mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan kelib chiqib, Bosh vazirga “O‘zavtosanoat”, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zbekneftegaz”, “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi tarmoqlardagi tegishli ob’ektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni xususiylashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
“Farg‘onaazot”, “Bektemir spirt zavodi”, “Qo‘qon biokimyo”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Kvars”, “Xayyat” kabi yirik majmualarga salohiyatli investorlarni jalb qilish muhimligi qayd etildi. 23 ta aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini birlamchi sotish orqali fond bozoriga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bo‘sh turgan binolardan foydalanishning yana bir usuli – ijara. Yig‘ilishda bu boradagi imkoniyatlar ham ko‘rsatib o‘tildi. Hududlar va tarmoqlar tasarrufidagi davlat mulklari ijarasi hisobiga joriy yilda 500 milliard so‘m tushumni ta’minlash mumkinligi aytildi.
Bundan buyon, uch oydan ortiq bo‘sh turgan ob’ekt ijaraga berilishi yoki sotuvga chiqarilishi shartligi belgilandi. Davlat aktivlari agentligiga davlat ulushi bor korxonalarning ijara shartnomalarini ochiq-oshkora ro‘yxatga olish va onlayn nazorat qilish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, hududlar va tarmoqlar kesimida 2022 yil xususiylashtirish dasturi tasdiqlanadigan bo‘ldi.