Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xususiy tibbiyotni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi
07:45 / 2024-03-12

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida ijtimoiy soha, jumladan, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholi salomatligini mustahkamlash, yurak-qon tomir, endokrinologik, onkologik kasalliklarning oldini olish, onalar va bolalar o‘limini sezilarli tarzda kamaytirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, bu borada davlat muassasalari bilan birga xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyozlar yaratish yuzasidan muhim vazifalar belgilangan.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi siyosiy kengashi tashabbusi bilan Strategiyadagi ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash, xususan, tibbiyotda xususiy sektorni rivojlantirish bilan bog‘liq muammolarni aniqlash, ularning yechimi bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan Namanganda tasdiqlangan savolnoma asosida o‘rganish olib borildi.  

Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida muhim masala – ishchi guruhlarining o‘rganish yakunlari muhokama qilindi. Partiya viloyat kengashi raisi, deputatlik guruhi rahbari Solijon Mo‘minov qayd etganidek, bugungi kunda Namanganda tibbiyot sohasida 500 dan ortiq xususiy klinika, shifoxona va dorixona aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ishchi guruhi tomonidan bir hafta davomida mazkur subyektlardan 342 tasining faoliyati ko‘rib chiqildi.  

Unda tadbirkorlarga yaratilgan imtiyozlardan foydalanish darajasi, ularning huquqiy savodxonligi, moddiy-texnika bazasi, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan ta’minlangani, malakali shifokorlarga ehtiyojning mavjudligi, ko‘chmas mulk, bino, yer maydonlari ajratilishidagi muammolarga e’tibor qaratildi. Ta’kidlash o‘rinliki, ishchi guruhining o‘rganish natijalari umumlashtirilgan holda 20 ga yaqin taklif ishlab chiqildi.  

Deputatlik guruhi yig‘ilishida kun tartibidagi masala yuzasidan Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulxodi Iminovning axboroti tinglandi. U Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganish yakunlarida aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xususiy sektorni rivojlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanishini aytdi.  

Oqilxon Dadaboyev,  

O‘zA muxbiri