So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xususiy tibbiyot sohasini rivojlantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Qonunchilik bazasining takomillashtirilishi, litsenziyalash jarayonlarining soddalashtirilishi va investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratilishi natijasida xususiy tibbiy xizmatlar bozori jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. Bu esa aholining sifatli va zamonaviy tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Respublikasida xususiy tibbiyot sohasida barqaror o‘sish davom etdi. Jumladan, 1 329 ta tibbiy klinika litsenziya olib, faoliyat boshladi.
Hududlar kesimida tahlil shuni ko‘rsatadiki, faoliyat boshlagan klinikalarning katta qismi aholi zich joylashgan va iqtisodiy faol hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, Toshkent shahrida 251 ta, Farg‘ona viloyatida 169 ta, Samarqand viloyatida 129 ta, Andijon viloyatida 121 ta va Qashqadaryo viloyatida 117 ta klinika faoliyat boshlagan.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 95 ta, Buxoro viloyatida 91 ta, Namangan viloyatida 74 ta, Xorazm viloyatida 71 ta, Surxondaryo viloyatida 62 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 54 ta va Navoiy viloyatida 50 ta klinika ish boshlagan.
Ayrim hududlarda, jumladan Jizzax viloyatida 30 ta va Sirdaryo viloyatida 15 ta klinika faoliyat boshlagan bo‘lib, bu hududlarda xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda jami 9 000 dan ziyod xususiy tibbiyot muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xususiy tibbiyotning rivojlanishi bir qator ijobiy natijalarni keltirib chiqaradi: tibbiy xizmatlar sifati va xizmat ko‘rsatish madaniyati oshadi, zamonaviy tibbiy uskunalar va ilg‘or texnologiyalar joriy etiladi, bemorlar uchun tanlov imkoniyati kengayadi, sog‘liqni saqlash tizimida sog‘lom raqobat muhiti shakllanadi, davlat tibbiyot muassasalari yuki qisqaradi.
Shu bilan birga, xususiy tibbiyot sohasida ayrim muammo va cheklovlar ham mavjud. Ya’ni, tibbiy xizmatlar narxining yuqoriligi barcha qatlamlar uchun birdek imkoniyat yaratmasligi mumkin. Ayrim hollarda foyda olish ustuvorligi tibbiy etikaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli bor. Malakali kadrlarning davlat tibbiyotidan xususiy sektorga o‘tib ketishi kadrlar tanqisligini keltirib chiqarishi mumkin. Xizmatlar sifatini doimiy nazorat qilish zarurati mavjud.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, rivojlangan davlatlarda xususiy tibbiyot davlat tibbiyoti bilan uyg‘un holda faoliyat yuritadi. Masalan, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi mamlakatlarda xususiy klinikalar davlat sug‘urta tizimi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, aholining keng qatlamiga xizmat ko‘rsatadi. AQSHda xususiy tibbiyot yetakchi o‘rin tutadi, biroq davlat tomonidan qat’iy tartibga solinadi.
O‘zbekistonda ham dunyo tajribasini inobatga olgan holda, xususiy va davlat tibbiyoti o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xizmatlar sifatini nazorat qilish va aholining barcha qatlamlari uchun tibbiy xizmatlarning ochiqligini ta’minlash muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Xulosa qilib aytganda, xususiy tibbiyotning izchil rivojlanishi sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi salomatligini mustahkamlash va mamlakatda inson kapitali sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA