Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyot sohasida xususiy sektorning ulushi tobora ortmoqda.
Qarshi shahrida joriy yilning aprelidan o‘z faoliyatini boshlagan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ham mana shunday ezgu islohotlarning samarasidir. Mazkur tibbiyot markazi tomonidan Qashqadaryo viloyati aholisiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmatlar taqdim etib kelinmoqda. Markazning umumiy maydoni 1,7 gektarni tashkil etib, 250 statsionar o‘ringa ega. Loyihaning umumiy qiymati 200 milliard so‘mni tashkil etadi.
Tibbiyot muassasasi jamoasi 2025 yil yakuniga qadar ambulator sharoitda 100 ming nafardan ortiq, statsionar sharoitda esa 2 ming 400 nafarga yaqin bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishni rejalashtirgan.
Bugun markazda 2 million AQSH dollari qiymatidagi innovatsion yuqori texnologiyali jarrohlik bo‘limi ishga tushirildi. Yangi bo‘limda 100 dan ortiq davolash va diagnostika usullari joriy etilgan bo‘lib, bu orqali Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida aholining ijtimoiy himoyaga ega qatlamiga yuqori texnologik jarrohlik xizmatlari taqdim etiladi. Yil davomida 5 ming nafardan ortiq yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari amalga oshirilishi kutilyapti. Bu esa davlat tibbiyot muassasalaridagi yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi.
Bo‘limning foydalanishga topshirilishiga mo‘ljallangan tantanali tadbirda viloyat rahbari M.Azimov va boshqalar ishtirok etib, markazning keyingi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Jarrohlik bo‘limi 3 qavatdan iborat bo‘lib, barcha xonalar markazlashgan kislorod, vakuum havo va uzluksiz elektr manbalari bilan ta’minlangan. Birinchi qavatda eng so‘nggi rusumdagi “Philips Azurion 5 Biplane” angiograf apparati o‘rnatilgan. Ikkinchi qavatda intensiv terapiya va reanimatsiya bo‘limlari joylashgan bo‘lib, uchinchi qavatda 4 ta operatsion xona mavjud. Ushbu operatsion xonada umumiy xirurgiya, neyroxirurgiya, travmatologiya, urologiya, ginekologiya va kardiojarrohlik yo‘nalishlarida ultrazamonaviy uskunalar bilan amaliyotlar o‘tkaziladi. Barcha jarrohliklarni miniinvaziv usullarda bajarish imkoniyati mavjud. Shuningdek, binoda 22 o‘rinli reanimatsiya koykalari ham bor. Markaz kelajakda transplantatsiya qilish imkoniyatini ham yaratishni maqsad qilgan.
Hozirgi kunda markazda 65 nafar xodim, jumladan, 49 nafar tibbiyot mutaxassisi faoliyat yuritmoqda. Yangi jarrohlik bo‘limi ochilishi bilan yana 100 nafarga yaqin ishchi o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, markazga xorijdan yuqori malakali mutaxassislar jalb etilib, Hindistonning “MAX” va “QRG Health City” klinikalari bilan hamkorlikda bir necha bor bepul tibbiy ko‘rik va davolash-diagnostika ishlari amalga oshirildi.
[gallery-23774]
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar Germaniyaning “Sharite” klinikasi, Rossiyaning A.N. Bakuleyev nomidagi jarrohlik markazi, Turkiyaning Besmialem Vakif universiteti, Hindistonning Sarvodaya klinikasi, Janubiy Koreyaning Seul milliy universiteti va Ozarbayjonning miniinvaziv jarrohlar jamiyati kabi nufuzli tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik kengaytiriladi. Bu hamkorliklar nafaqat davolash, balki pedagogik yo‘nalishlarda ham amalga oshiriladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari