Toshkent shahrida xususiy ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu tadbir davlat rahbarining an’anaviy tarzda har yili avgust oyida tashkil etiladigan tadbirkorlar bilan uchrashuviga tayyorgarlik doirasida o‘tkazildi. Uchrashuvda nafaqat mavjud muammolar muhokama qilindi, balki ularga samarali yechimlar ham taklif etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida har yili tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan ochiq muloqotlar mamlakatda biznes muhitini yaxshilash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, eng asosiysi, amaldagi muammolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitish va tahlil asosida islohotlarni amalga oshirish uchun muhim platformaga aylangan.
Bu yilgi – beshinchi ochiq muloqot arafasida o‘tkazilgan uchrashuv mamlakatda sohalar bo‘yicha real holatni o‘rganish, tadbirkorlar fikrini olish va Prezidentga taqdim etiladigan takliflar to‘plamini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Xususiy ta’lim sohasiga bag‘ishlangan uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, tijorat banklari va boshqa tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda mamlakatimizda 9 ming 565 ta xususiy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ular orasida Toshkent shahri 2 ming 967 ta muassasa bilan yetakchi, Sirdaryo viloyati esa 172 ta muassasa bilan eng past ko‘rsatkichga ega. Bu raqamlar xususiy ta’lim iktisodiy barqarorlik va aholi bandligini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutayotganini anglatadi.
Yig‘ilishda 2025 yilning birinchi yarmida ta’lim xizmatlari umumiy hajmi 14,7 trillion so‘mni tashkil qilgani ta’kidlandi. Shundan oliy ta’lim xizmatlarining ulushi 49,2 foizni tashkil etdi.
– Oxirgi 15-20 kunda xizmat ko‘rsatish sohasini qamrab olishga – undagi tadbirkorlar bilan yig‘ilishlar o‘tkazib, mavjud muammolarni atroflicha ko‘rib chiqishga harakat qilyapmiz. Buning asosiy sababi shuki, respublikada kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasi bugungi kundagi drayver yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Chunki, mamlakatda eng ko‘p ish o‘rni ham ayni sohalarga to‘g‘ri keladi, – dedi Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov.
Muloqot davomida tadbirkorlar litsenziyalashdagi byurokratik to‘siqlar, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikdagi murakkab shartlar, innovatsion dasturlarni amalga oshirishda moliyaviy qiyinchiliklar, kadr yetishmasligi kabi aniq masalalarni ko‘tardi. Har bir masala yuzasidan tegishli tashkilotlar joyida yechimlar taklif qilgani davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi ochiq muloqot mexanizmlari ishlayotganini ko‘rsatadi.
Xususiy ta’lim sohasida o‘tkazilgan ochiq muloqot hukumatning biznesga yaqinlashish siyosatini, jamiyatning talab va ehtiyojlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinglash amaliyotini, davlat – xususiy sektor hamkorligining samarali modelini yana bir bor namoyon etdi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA muxbiri