Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xususiy shifoxonalarga talab oshmoqda
10:07 / 2025-09-16

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorning roli so‘nggi yillarda jiddiy kuchaymoqda. Ayniqsa, xususiy shifoxonalar sonining ortishi mamlakat sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar va fuqarolarning tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talabi o‘sayotganini ko‘rsatmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda xususiy shifoxonalar soni 1 ming 301 taga yetdi, bu 2019 yildagi 575 taga nisbatan ikki barobar ko‘p. Yillar kesimida xususiy shifoxonalar soni: 2019 yil – 575 ta, 2020 yil – 593 ta, 2021 yil – 637 ta, 2022 yil – 675 ta, 2023 yil – 724 ta, 2024 yil – 1 ming 301 ta qayd etilgan.

So‘nggi yillarda Hukumat sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Xususiy shifoxonalar ochish bo‘yicha tartiblar soddalashtirildi, litsenziyalash jarayonlari yengillashtirildi. Aholi sonining o‘sishi va daromad darajasining oshishi bilan birga, sifatli tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Davlat shifoxonalari bu ehtiyojni to‘liq qoplay olmagan hollarda, xususiy klinikalar muhim rol o‘ynay boshladi. Qolaversa, xususiy tibbiyot hozirda biznes uchun ham foydali sohalardan biriga aylangan. Sifatli xizmat, zamonaviy uskunalar va malakali mutaxassislar yordamida xususiy shifoxonalar mijozlarni tezda jalb eta olmoqda.

2019-2025 yillar davomida O‘zbekistonda xususiy shifoxonalar soni sezilarli darajada o‘sish kuzatilyapti. Ayniqsa, 2024 yilda yuz bergan qariyb ikki barobar o‘sish bu sohada yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatadi. Ushbu yo‘nalish davlat siyosati, aholining ehtiyojlari va pandemiya ta’siri natijasida yuzaga keldi.

Kelgusida xususiy sektor va davlat tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sifat nazoratini kuchaytirish va innovatsiyalarni joriy qilish orqali sog‘liqni saqlash tizimining umumiy salohiyatini yanada oshirish mumkin.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA