Xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan amalga oshirilayotgan ba’zi loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmagani va tender o‘tkazilmaganligi uchun mablag‘lar ishlatilmay qolmoqda.
Davlat kafolati ostida mablag‘ jalb qilingan ayrim loyihalarda kechikish, qo‘shib yozish va mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari ham bor.
Yig‘ilishda mutasaddilarga xalqaro moliya institutlari bilan ishlash tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Bunda loyihalar tanlashdan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi, texnik-iqtisodiy asoslar moliya institutlari standartlari bilan uyg‘unlashtiriladi, tender jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi va takliflarni baholash muddati 1 oydan oshirilmaydi, moliya institutlari bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Shuningdek, xususiy sheriklikni rivojlantirish, xorijdagi tashkilotlardan grantlar jalb qilishni faollashtirish, shu jumladan elchilarning bu boradagi faolligi va mas’uliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.
O‘zA