So‘nggi yillarda ta’lim-tarbiya sohasida davlat-xususiy sherikchilik loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlar natijasida 2018-2025 yillar davomida 28 ming 456 ta oilaviy, 1 ming 647 ta yirik loyihadagi bog‘chalar tashkil etilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda davlat-xususiy sherikchilik loyihalari amalga oshirilishini raqamlashtirish maqsadida elektron platforma joriy etish holati yuzasidan hududlarda o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Maktabgacha va maktab ta’limi, Iqtisodiyot va moliya hamda Raqamli texnologiyalar vazirliklarining oilaviy shakldagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari misolida davlat-xususiy sherikchilik (DXSH) loyihalarini amalga oshirish jarayonlarini raqamlashtirish, elektron platforma joriy etish va tegishli idoralarni ushbu platformaga integratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar, qonunchilik hujjatlari ijrosi bo‘yicha axborotlari tinglandi.

Shuningdek, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun hamda DXSH loyihalarini tanlash va amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflik mexanizmlarini, raqamli boshqaruv tamoyillarini joriy etish borasidagi Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish vazifalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim sohasida raqamlashtirish vazifalari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Xususan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida Raqamli hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestridan ro‘yxatdan o‘tgan va shakllantirilgan axborot tizimlar soni 54 tani tashkil etgan. Shundan 10 ta yangi axborot tizimi 2025 yilda ishga tushirilgan.

Joriy yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 78 foizga yetkazish vazifasi belgilangan bo‘lib, bu bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, turli dasturlar doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘lmagan mahallalarda 103 ta davlat, 104 ta davlat-xususiy sherikchilik, 1 ming 187 ta oilaviy bog‘chalar tashkil etilib, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 38,9 mingtaga yetkazilgan.
Davlat-xususiy sherikchilik asosida boshqariladigan maktab ta’lim muassasalarida “yemaktab.uz” axborot tizimi orqali o‘quvchilarning davomati hamda o‘zlashtirish darajalari nazorat qilib borilmoqda.
Qo‘mita a’zolari tomonidan o‘rganishlar davomida joriy etilgan elektron platformani takomillashtirish ehtiyoji borligi, ular xodimlar zimmasiga ortiqcha yuklamalar yuklab qo‘yayotgani, subsidiyalar tayinlash, xodimlar mehnati uchun haq to‘lash, shartnomalarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazishda bir qator muammolar borligi ta’kidlandi.
Shuningdek, chekka hududlarda internet infratuzilmasini yaxshilash orqali mazkur platformalardan yanada samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ham takliflar ilgari surildi, bir qator fikr-mulohazalar bildirildi.
M.Komilova,
O‘zA