Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xususiy sektor – iqtisodiy rivojlanishning lokomotivi
10:48 / 2025-12-16

Xususiy sektor zamonaviy bozor tizimini shakllantirish, barqaror o‘sishni ta’minlash va fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiy transformatsiyasining asosiy tarkibiy qismlaridan biridir.

So‘nggi yillarda aynan tadbirkorlik rivoji iqtisodiy taraqqiyot, bandlik va innovatsion rivojlanishning eng muhim omiliga aylandi. Biznes va xususiy tashabbus iqtisodiyotni modernizatsiya qilishning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari sifatida namoyon bo‘layotgani global tendensiyalarga mos keladi.

Mamlakatimizda “Harakatlar strategiyasi” (2017–2021), “Taraqqiyot strategiyasi” (2022–2026) hamda “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida qulay biznes muhitini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli choralar ko‘rildi. Muhim bosqichlardan biri sifatida Biznes-ombudsman instituti tashkil etildi va uning faoliyatini tartibga soluvchi qonun qabul qilindi. Bu esa tadbirkorlar manfaatlarini tizimli himoya qilishni ta’minladi. Shu bilan bir vaqtda, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblari soddalashtirildi, rejasiz tekshiruvlar bekor qilindi hamda yer uchastkalarini ajratish tartibi takomillashtirildi. Natijada bu ma’muriy to‘siqlarning kamayishiga va tadbirkorlik faolligining rivojlanishiga xizmat qildi.

Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish yo‘lini davom ettirar ekan, O‘zbekiston 2019–2021 yillarda biznes muhitini raqamli o‘zgartirishga e’tiborini qaratdi. “Yagona darcha” tizimi va “E-kadastr.uz” elektron portali yaratilishi ko‘plab byurokratik jarayonlarning onlayn shaklga o‘tishini ta’minladi. Litsenziya va ruxsatnomalarni olish tartibining soddalashtirilishi kichik biznes sub’ektlari va tadbirkorlar sonining ortishiga yordam berdi hamda fuqarolarning yangi bozor munosabatlari institutlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamladi.

2022–2024 yillarda xususiy sektorning yanada rivojlanishi raqobatning kuchayishi va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi bilan tavsiflandi. Raqobat mavjud bo‘lgan sohalarda davlat korxonalarini tashkil etishga cheklovlar o‘rnatildi, oilaviy biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturlari joriy etildi va kreditlash bo‘yicha elektron platformalar ishga tushirildi. 

Yurtimizda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilinishi hamda “Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti” o‘tkazilishi davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, tadbirkorlik tashabbusining barqaror rivojlanishi va xususiy investitsiyalarni jalb etish uchun poydevor yaratdi.

Ushbu islohotlar natijasida 2024 yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushi 54,3 foizga, eksportda — 33,3 foizga, sanoatda esa — 32,4 fozga yetdi. Bunday dinamika shuni ko‘rsatadiki, aynan xususiy sektor iqtisodiy o‘sish va milliy iqtisodiyotning diversifikatsiyasi uchun asosiy lokomotivga aylandi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatda 77 mingta yangi korxona tashkil etilgan, faoliyat yuritayotgan korxonalarning umumiy soni esa 358,1 mingtaga yetgan. Yangi xususiy biznes sub’ektlarining eng katta qismi savdo sohasida — 28 mingta korxona sifatida ro‘yxatga olingan. Undan keyingi o‘rinlarda sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasi joy olgan.

Ta’kidlash joizki, «O‘zbekiston–2030» strategiyasiga ko‘ra, asosiy maqsadlardan biri iqtisodiyotdagi nodavlat sektori ulushini 85 foizgacha oshirish va davlat ulushi ishtirokidagi korxonalar sonini hozirgi 2300 tadan 383 tagacha qisqartirishdir. 

Xususiylashtirish, raqobatni kuchaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bu yo‘nalish iqtisodiyot samaradorligini oshirish hamda davlatning tijorat faoliyatidagi rolini pasaytirishga yo‘naltirilgan.

Ushbu chora-tadbirlarni rivojlantirishda davlatning bir qator funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish alohida ahamiyat kasb etadi. Shunday qilib, 2025 yil 1 iyuldan boshlab biznesga 11 turdagi davlat xizmatlari topshirilgan, jumladan, tibbiy tashkilotlarni akkreditatsiya qilish, hisoblagichlarni tekshirish va transportni ek-sertifikatsiya qilish. Bundan tashqari, 2028 yilgacha xizmat ko‘rsatish sohasidagi korxonalar uchun 1 foiz miqdoridagi ijtimoiy soliqning imtiyozli stavkasi uzaytirilgan, bu ularning rivojlanishini rag‘batlantiradi va aholining bandligini oshirishga yordam beradi.

Ishbilarmonlik faolligini yanada oshirish maqsadida 2026 yil 1 yanvardan boshlab yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun 1 foiz miqdorida pasaytirilgan soliq stavkasi joriy etiladi. Ushbu chora soliq yukini kamaytirish va yangi ish boshlayotgan tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan bo‘lib, bu ayniqsa kichik biznes sohasini mustahkamlash va o‘zini o‘zi band qilishni kengaytirish uchun muhimdir.

Soliq imtiyozlarini joriy etish bilan bir qatorda ijtimoiy ahamiyatga ega tarmoqlarni rivojlantirishga xususiy kapitalni jalb etish kuchaydi. Xususan, ta’lim sohasida xususiy bog‘chalar soni 120 barobardan ziyod ko‘payib, 31 mingtaga, xususiy maktablar soni esa 22 barobarga oshib, 645 taga yetdi. 

Maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 70-80 foizdan past bo‘lgan 80 ta tumanda tadbirkorlarga imtiyozlar berilmoqda: 30 yilgacha ijara to‘lovidan ozod qilish va har bir tarbiyalanuvchi uchun xarajatlarning 50 foizini subsidiyalash. Bunday rag‘batlantirishlar sifatli ta’lim olish imkoniyatini oshirishga va xususiy investorlarning inson kapitalini rivojlantirishda faol ishtirok etishiga yordam beradi.

Shunga o‘xshash tendensiyalar sog‘liqni saqlash sohasida ham kuzatilmoqda. So‘nggi yetti yilda xususiy tibbiyot muassasalari soni 3,5 mingtadan 8,5 mingtaga ko‘paygan. Bu o‘sish biznes uchun qulay sharoitlar, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bilan bog‘liq. 

Bundan tashqari, aholining xususiy tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ishonchi ortib bormoqda, bu esa xizmat sifatini yaxshilash va fuqarolarning zamonaviy davolash usullaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Ayrim tarmoqlardagi tarkibiy islohotlar natijalari makroiqtisodiy darajada ham namoyon bo‘lmoqda, bu investitsiyalarning o‘sishi va xususiy sektor faolligi bilan tasdiqlanmoqda. Xususan, 2024 yilda O‘zbekistonda 493,7 trillion so‘m asosiy kapitalga investitsiyalar o‘zlashtirilgan bo‘lib, shundan 150,5 trillion so‘mi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. So‘nggi besh yilda kapital qo‘yilmalarning umumiy hajmi qariyb 2,3 barobar o‘sdi, investitsiyalarning 75,9 foizi jalb qilingan mablag‘lar hisobidan, 24,1 foizi esa korxonalar, tashkilotlar va aholining o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi.

Xalqaro baholashlar ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar samaradorligini tasdiqlamoqda. Xususan, Jahon bankining “Biznesga tayyorlik 2024” (B-READY) hisobotiga ko‘ra, rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda xususiy sektor ish o‘rinlarining qariyb 90 foizini yaratadi, investitsiyalarning 75 foizini va sanoat ishlab chiqarish hajmining 70 foizdan ortig‘ini ta’minlaydi. Tadbirkorlik faoliyatini samarali va shaffof tartibga solishga iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va samaradorlikni oshirishning eng muhim vositalaridan biri sifatida qaralmoqda.

Bundan tashqari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo davlatlar COVID-19 pandemiyasidan keyin barqaror tiklanish uchun davlat va biznes o‘rtasida yaqin hamkorlik zarurligi haqidagi pozitsiyani ma’qullaydi. Tashkilotning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga borib Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun talab qilinadigan yillik investitsiyalar 2019 yildagi 2,5 trillion AQSH dollaridan 2020 yilda 3,7 trillion AQSH dollarigacha oshdi. Bu esa investitsiyalarni jalb qilish va uzoq muddatli rivojlanishning strategik vazifalarini amalga oshirishning asosiy mexanizmi sifatida DXSHning ahamiyatini oshiradi.

O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik rivojlanishidagi sezilarli yutuqlarni Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlari ham tasdiqlaydi: 2021 yilda DXSH loyihalarining umumiy portfeli taxminan 6,2 milliard AQSH dollarini tashkil etgan va bu YAIMning taxminan 8 foiziga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2024 yil oxiriga kelib u 31 milliard dollarga yoki YAIMning 27 foiziga yetdi. Bunday tendensiya xususiy kapitalning iqtisodiyotdagi mavqei kuchayib borayotganidan dalolat beradi va investorlarning ichki bozorga qiziqishi ortayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi tajribasi shuni ko‘rsatadiki, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaratish, xususiy kapitalni faol jalb qilish mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishi uchun ishonchli poydevor yaratadi.

Ramzidin NURIDINOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi