Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xususiy mulkni rivojlantirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish yo‘lida
20:41 / 2015-05-22

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi iqtisodiyotda xususiy mulk ulushi va ahamiyatini oshirish, milliy korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi iqtisodiyotda xususiy mulk ulushi va ahamiyatini oshirish, milliy korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi D.Hidoyatov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov iqtisodiyotimizni isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish mulkchilik shakli tuzilmasidagi o‘zgarishlar bilan bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan mamlakatimizda davlat obyektlarining xususiylashtirilayotgani samarasida yangi mulkdorlar sinfi shakllandi, aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimi yaratildi.

Obyektlarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar samarasida sanoat korxonalarining aksariyat qismi mamlakatimiz va xorijiy xususiy kompaniyalar ixtiyoriga berildi. Bu qisqa muddat ichida yetakchi tarmoqlarni nafaqat qayta jihozlash, balki iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligi va samaradorligini oshirish imkonini berdi. 2014-yilda 288 davlat aktivi xususiy sektorga berildi. Jumladan, ularning 182 tasi nolga teng qiymatda sotildi.

Tadbirda xususiylashtirish jarayoni takomillashtirilayotganiga qaramasdan, iqtisodiyotning ayrim nostrategik tarmoqlarida davlat ulushi hamon mavjudligi va ularni boshqarish samaradorligini oshirish masalasi dolzarbligicha qolayotgani qayd etildi. Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 28-apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shu va boshqa vazifalar ijrosiga xizmat qilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, ushbu qaror ijrosini ta’minlash xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kengaytirish, xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish va korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushi va aktivlarini xususiy investorlar, birinchi navbatda, xorijiy sarmoyadorlarga sotish hisobidan iqtisodiyotimizda xususiy mulkning o‘rnini tubdan oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilashni ta’minlash, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish imkonini beradi.

Matbuot anjumanida ishtirokchilar korporativ boshqaruv milliy tizimini takomillashtirish masalasiga ham e’tibor qaratdi. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish samarasida ayni paytda mamlakatimizda mingdan ortiq aksiyadorlik jamiyati faoliyat yuritmoqda.

O‘tgan yillar mobaynida 31 mingdan ziyod davlat korxonasi xususiylashtirilgani va buning natijasida 1,2 milliondan ortiq aksiyador paydo bo‘lgani qayd etildi. Bularning barchasi mamlakatimizda korporativ boshqaruvni rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir. Korporativ boshqaruvning asosiy normalari O‘zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlari hamda davlatimiz rahbarining 2003-yil 24-yanvardagi “O‘zbekiston iqtisodiyotida xususiy sektorning ulushi va ahamiyatini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilab berilgan.

Mamlakatimizda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Bugun yurtimizda 90 dan ortiq mamlakat kapitali ishtirokida tashkil etilgan 4 mingdan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, to‘liq chet el kapitali va korporativ boshqaruvning xorijiy uslublariga asoslangan korxonalar ham mavjud.

Prezidentimizning shu yil 24-aprelda qabul qilingan “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Ushbu hujjat to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini tubdan oshirish, bo‘lajak investorlar uchun ularning ochiqligi va jozibadorligini ta’minlash, zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy qilish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlar rolini kuchaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish imkonini beradi.

Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.