Xususiy mulkka daxl qilgan mansabdor shaxs javobgarlikka tortiladi
Xususiy mulk daxlsiz ekanligi konstitutsiyaviy asosda belgilab qo‘yilgan.
Xususiy mulk daxlsiz ekanligi konstitutsiyaviy asosda belgilab qo‘yilgan. Ammo amalda mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning, tadbirkorlarning xususiy mulkiga noqonuniy munosabatda bo‘lish holatlari yo‘q emas.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 13 avgustdagi xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha farmonida shu kabi holatlarga barham berish nazarda tutilgan.
Farmonga muvofiq mulkdorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoyalash kafolatlarini kuchaytirish va mulk daxlsizligini buzganlik uchun mas’ul shaxslarning javobgarlikni oshirishga qaratilgan choralar belgilandi.
Endilikda xususiy mulk bilan bog‘liq kamchiliklarni kompleks va tezkor hal etish, barcha darajadagi davlat organlarining yagona uslubiy rahbarlik ostida o‘zaro muvofiqlashtirilgan hamkorlik qilishi yo‘lga qo‘yiladi. Xususiy mulkning ishlashi, yer uchastkalarini realizatsiya qilish, tender savdolarini o‘tkazish hamda davlatga tegishli bo‘lmagan bino va inshootlarni buzishga oid aniq va lo‘nda huquqiy normalar yaratiladi. Bu esa tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, aholining keng qatlamlarini biznes bilan shug‘ullanishga faol jalb etishni talab etadi.
Shu nuqtai nazardan mazkur farmonda Konstitutsiyaning xususiy mulkning daxlsizligi, iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini ta’minlash, tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va yanada ko‘paytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga oid normalarini so‘zsiz ijro etish va ularga qat’iy rioya qilish bo‘yicha mansabdor shaxslarning, jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlari shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Bosh prokuratura va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga ham qator vazifalar yuklandi. Jumladan, xususiy mulkdorlarga ularning huquqlarini buzgan holda zarar yetkazilishiga, shu jumladan mulk huquqini noqonuniy cheklash va (yoki) undan mahrum qilish, xususiy mulkka, jumladan, avval xususiylashtirilgan mulkka tajovuz qilish, mulkdorga qasddan nomaqbul shartlarni, shu jumladan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishga doir asossiz talablarni qo‘yish, shuningdek, mulkni olib qo‘yish yoxud mulk egasini shaxsiy mulk huquqidan voz kechishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatadi.
Mansabdor shaxslar tomonidan suiiste’mol va qonunbuzarlik holatlarining oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha topshiriq belgilandi.
Qonunchilikka mulkdorlarning xususiy mulk daxlsizligi, o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka mustaqil egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, mulkdorlarga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer maydonining bozor qiymatida to‘liq qoplanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Farmon bilan yangi qoidalar ham belgilandi. Xususan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan, ular foydalanadigan va mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bo‘yicha vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga berildi.
2020 yil 1 martdan kuchga kiradigan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunni 2020 yil 1 fevralga qadar Sirdaryo viloyatida aprobatsiya qilish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish belgilandi.
Oldin hokimlarda yer uchastkalarini auksion o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish vakolatlari mavjud edi. Endilikda 2019 yil 1 oktabrdan boshlab tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari respublikaning barcha hududlarida faqat “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali taqdim etiladi. (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq yer uchastkalari berish hollari bundan mustasno, albatta).
Elektron onlayn-auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma asosida yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olinadi.
2019 yil 1 sentabrdan boshlab foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlarini, shu jumladan, ta’lim muassasalari (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bundan mustasno), sog‘liqni saqlash va sport, madaniyat, xususan kinoteatrlar, klublar, konsert-tomosha ko‘rsatish muassasalari va kinolashtirish ob’ektlari, shuningdek, davlat tashkilotlarining bo‘sh turgan yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqini xo‘jalik faoliyatiga jalb qilish va sotish tartibi joriy etiladi.
Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat xaridlari jarayoniga keng jalb etish orqali barcha davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarining shaffofligi va raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida yagona yetkazib beruvchidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish amaliyoti qat’iyan taqiqlanadi.
Xususiy mulk daxlsizligi, mulkka egalik qilishning shaffof tizimi yaratilishi hamda yer ajratishda hokimlarning yakkahokimlikda qaror chiqarishi kabi holatlarga chek qo‘yilishi xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi.
Otabek XO‘JANIYoZOV,
Adliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i