French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xususiy mulk shaklidagi qadimiy ob’ektlar ham madaniy meros ro‘yxatiga kiritiladimi? (+video)
15:17 / 2023-07-21

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali bo‘lib o‘tgan ovozli chatda O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi boshqarma boshlig‘i Otabek Ravshanov hamda axborot xizmati rahbari Mohinur Imomovalar kuzatuvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

— Eski, qadimgi qo‘rg‘onlar ham Madaniy meros agentligiga qaraydimi?  

— Bugungi kunda madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatida mingdan ziyod qo‘rg‘onlar mavjud. Agar qo‘rg‘onlar arxeologik ob’ektlar bo‘lsa, agentlik tomonidan konservatsiya (saqlanadi) qilinadi.   O‘z qiymatini saqlab qolgan bo‘lsa, arxitektura obidasi sifatida muntazam ravishda xatlovdan o‘tkazilib, monitoring qilinadi, nazoratga olinadi.  

—  Toshkent viloyatida joylashgan bir tarixiy ob’ekt “Havas market”ga aylantirilgani haqida xabar tarqalgan edi. Ushbu ob’ekt Madaniy meros agentligi ro‘yxatida bormidi?  

— Ushbu ob’ekt Toshkent viloyatining hududiy madaniyat boshqarmasiga tegishli bino bo‘lgan. Mazkur bino Madaniy meros agentligi milliy ro‘yxatiga kiritilmagan.  

Aslida har bir ob’ektning madaniy meros ob’ekti sifatida tan olinishi uchun  talablar bor. Ya’ni, ilmiy ekspertiza kengashi olimlari eng avvalo qadimiy binoni o‘rganib, tarixiy, madaniy, badiiy ahamiyati bo‘yicha   baho berishadi. Ular bergan baholar bo‘yicha biz ob’ektni davlat muhofazasiga olish yuzasidan xulosa beramiz.  

Toshkent viloyatidagi mazkur ob’ekt tashqi tarafdan ganchlar bilan ishlangani uchun ayrim odamlar tarixiy bino deb o‘ylagan bo‘lishlari mumkin. Bugungi kunda hunarmandchiligimiz rivojlanib ketgani tufayli hattoki ayrim odamlarning uylarini ko‘rib tarixiymi, deb o‘ylab qolasiz. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Shahrisabzda tarixiy ko‘rinishda ishlangan binolar juda ko‘p. Binoning yoshini surishtirsangiz, 5-10 yillik tarixi bor xolos.  

Bino madaniy meros ob’ekti ro‘yxatiga kiritilishi uchun arxitektura jihatidan noyob, ya’ni boshqa analogi bo‘lmasligi kerak, — deydi Mohinur Imomova.  

— Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Xo‘jasoat qishlog‘ida qadimgi qo‘rg‘on bor. Ushbu qo‘rg‘on ustida izlanishlar olib borilsa, qadimgi buyumlar topilar edimi?  

— Biz arxeologiya masalalariga ham alohida e’tibor qaratganmiz.  Agentligimizda arxeologiya va qazish ishlarini olib boruvchi alohida bo‘lim mavjud. Bo‘lim mutaxassislari har yilgi arxeologik ekspertizalarni tashkil etish bo‘yicha ish reja asosida muntazam ravishda hududlarda ilmiy izlanishlar olib boradi. Ular ilmiy izlanishlar natijasida qaysidir topilmalar topilganini aniqlashsa, bizga murojaat etishadi. Biz ekspeditsiya ishlarini amalga oshiramiz. Kuzatuvchimiz aytgan Xo‘jasoat ob’ektini o‘rganishni mutaxassislarimizga taqdim etamiz. Ushbu ob’ekt madaniy meros ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lsa, uni batafsil o‘rganib, bu haqda qo‘shimcha ma’lumotlar beramiz, — deydi Otabek Ravshanov.  

— Har bir tuman, shahar markazida hududning 40-50 yil oldin qandayligini bildirib turadigan qadimiy ko‘chalar, mahallalar, uylar bor. Bunday uylar tayyor eksponat hisoblanadi. Xususiy mulk shaklidagi ob’ektlar ham madaniy meros ro‘yxatiga kiritiladimi?  

—Har bir shahar, mahallalarda o‘zining tarixiy qiymatiga ega bo‘lgan hududlar mavjud, — deydi O.Ravshanov. — 2019 yilda bir qator xususiy mulk shaklidagi qadimiy hovlilar agentligimiz ro‘yxatiga kiritilgan. Misol uchun, Buxoro viloyatida 40 ga yaqin qadimiy hovlilar bor. Ular davlat tasarrufida emas. Hovlilar odamlarning xususiy mulki bo‘lsada   qadimiy, tarixiy, madaniy qiymatga ega ekanligini aniqlab, milliy ro‘yxatga kiritganmiz.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Jk4iaqKxQ0E" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

N.Rahmonova,  

A.Sodiqov (video),O‘zA