English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xususiy mulk mustahkam himoyada
16:17 / 2023-12-27

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, respublikada investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash yuzasidan samarali chora-tadbirlar ko‘rib borilmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta’minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilangan.  

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasiga muvofiq, mamlakatimizda xususiy mulk ham boshqa shakllardagi mulklar kabi daxlsiz bo‘lib, davlat va sud himoyasidadir. Davlat buzilgan xususiy mulk huquqining tiklanishini va uning sud orqali himoya qilinishini kafolatlaydi. Bunda mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni uni yetkazgan shaxs tomonidan qonunchilikka muvofiq to‘la hajmda qoplanadi. Mulkdor o‘z mol-mulkidan faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda sudning qaroriga asosan mahrum etilishi mumkin.  

E’tiborli jihati shundaki, xususiy mulk huquqi muddatsiz bo‘lib, qonun bilan man etilmagan har qanday mol-mulk xususiy mulk bo‘lishi mumkin, xususiy mulk bo‘lgan mol-mulkning miqdori va qiymati cheklanmaydi. Mulkdorga mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish muddati belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.  

Mulkdor qonunchilikka muvofiq tarzda qo‘lga kiritgan va o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka mustaqil, o‘z xohishiga ko‘ra egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi mumkinligi qonunchilikda qat’iy mustahkamlab qo‘yilgan.  

Shuningdek, fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor bo‘lishi uchun keng kafolatlar hamda sharoitlar yaratilgan.  

Har qanday jismoniy va yuridik shaxs belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin (qonunchilikda nazarda tutilgan ayrim hollar bundan mustasno). Har qanday shaxs O‘zbekiston hududida va uning tashqarisida tadbirkorlik faoliyati bilan erkin shug‘ullanish, shuningdek, o‘zining mol-mulkidan qonuniy, qonunchilik bilan taqiqlanmagan har qanday tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda foydalanish huquqiga ega.  

Shu bilan birga, mulkdor o‘z huquqlarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi, fuqarolarning sog‘lig‘iga va atrof muhitga zarar yetkazmasligi, jamiyatning ma’naviy tamoyillari va axloqiy normalarini hurmat qilishlari, ish odobi qoidalariga rioya etishlari lozim. O‘zining ustunlik mavqeini suiiste’mol qilishga, boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini kamsitadigan harakatlarni qilishga haqli emas.

Bugungi kunda ham ularning ishchanlik faolligini oshirish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish asosiy vazifalardan bo‘lib qolmoqda.  

Mulkdorning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida mulkdor huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qiladi. Unga muvofiq qonunchilikdagi xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdorning foydasiga talqin etiladi.  

Xususiy mulk huquqini amalga oshirishga davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.  

Tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi to‘g‘risidagi qonunchilik normalari talablari qat’iy bajarilishi, mulkdorlar, tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazilgan zararning bevosita aybdorlardan undirilishi ta’minlanadi.  

Mulkdor davlat organlari va boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining xususiy mulk huquqining amalga oshirilishi bilan bog‘liq qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan, o‘z xohishiga ko‘ra, bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud sudga shikoyat qilish huquqiga ega.  

Mulkdor xususiy mulk huquqining amalga oshirilishi bilan bog‘liq o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat etganida davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.  

Mulkdor o‘z mol-mulkini boshqa shaxsning qonunga xilof egaligidan talab qilib olishga haqli.  

Mulkdor o‘z huquqlarining har qanday buzilishi, garchi bu buzilishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham, bartaraf etilishini talab qilishi ham mumkin. Mazkur huquqlarni amalga oshirishda davlat organlari mulkdorga ko‘maklashishi shart.  

Xususiy mulk huquqini bekor qiladigan qonun qabul qilingan taqdirda, ushbu qonunni qabul qilish natijasida mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni, shu jumladan mol-mulkning bozor qiymati davlat tomonidan to‘la hajmda qoplanadi.  

Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk ham daxlsiz bo‘lib, uning natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi.  

Shuni alohida ta’kidlash zarurki, qonunchilikka muvofiq o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan, belgilangan soliqlar va majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan mulkdorlar Konstitutsiya, qonun, davlat organlari va sud himoyasidadir. Bunda davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘z faoliyatida yuqorida ko‘rsatilgan talablarga rioya qilib kelayotgan mulkdorlar, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilining so‘zsiz amalga oshirilishi ta’minlanadi.  

 

Ibrohim Alimov,  

Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari