Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xususiy mulk huquqi himoyasi yanada mustahkamlanadi
15:11 / 2021-06-21

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokamalarga boy bo‘ldi.  

 Mamlakatning investitsiya jozibadorligi avvalo mulk huquqining himoyalanganlik darajasi bilan bog‘liq. Tadbirkor ishlab topgan mablag‘ini, mulkini to‘liq tasarruf etishga ishonchi komil bo‘lsagina sarmoya kiritadi, biznesini yuritadi. Shu boisdan mamlakatimizda xususiy mulkni, mulkdorlar huquqini himoya qilish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi, bu sohada qonunchilik hujjatlari takomillashtirildi.  

 Biroq o‘zboshimchalik bilan xususiy mulk huquqini poymol qilish, ayrim mansabdor shaxslarning adolatsiz va asossiz vajlar bilan ko‘chmas mol-mulkka aralashuvi kuzatilmoqda va bu holatlar tadbirkorlarning, fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda davlatimiz rahbari Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida to‘xtalib, ayrim joylarda davlat organlari tizimidagi rahbar va mutasaddilar tomonidan tadbirkorlarning mulkka doir huquqlarini buzish holatlari hanuz davom etayotganini ta’kidlagan.  

 Biznes-ombudsmanga tadbirkorlarning huquqlarini buzgan davlat idorasi mansabdorlariga nisbatan ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha vakolat berish taklifi bildirilgan edi. Shu boisdan mazkur qonun loyihasi ishlab chiqildi.  

 Xususiy mulkni himoya qilish bilan bog‘liq muammoli vaziyatlarni bartaraf etish maqsadida qonunchilikni takomillashtirish, shu jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakiliga ushbu kodeksning tegishli moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini berish belgilanmoqda.  

 Mazkur o‘zgartishlar xususiy mulk daxlsizligi, tadbirkorlik faoliyati erkinligini ta’minlashni, davlat organlari mansabdor shaxslarining huquqbuzarlik profilaktikasini kuchaytirishning institutsional mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi fraksiya a’zolari tomonidan ta’kidlandi.  

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA