Mamlakatimizda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, oilaviy biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu jarayonlarning amaliy ifodasi sifatida joylarda ko‘plab kichik korxonalar o‘z faoliyatini kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratmoqda.
Buxoro viloyati Olot tumanidagi “AFRUZBEK 555” xususiy korxonasi rahbari Husen Norsaidov hamda Shaxlo Jo‘raqulova “La Malina” brendi ostidagi pishiriq sexi bugungi kunda tumanda faol ishlab kelayotgan korxonalardan biri.


Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan shirinlik mahsulotlari bugun nafaqat tuman, balki Qorako‘l tumani bozorlarida ham xaridorgir. “La Malina” brendi ostida ishlab chiqilayotgan mahsulotlarning sifati, tabiiyligi bilan xaridorlarning ishonchini qozonmoqda.
Korxonada 5 nafar doimiy va 5 nafar mavsumiy ishchi faoliyat yuritmoqda. Eng e’tiborlisi, bu yerda ustoz-shogird an’anasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yosh qizlarga pishiriq tayyorlash sirlari o‘rgatilmoqda. Bu esa nafaqat ishlab chiqarish hajmini, balki hunarmandchilik madaniyatini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“AFRUZBEK 555” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan shirinliklar 30 dan ortiq turni tashkil etadi. Bu esa kichik korxonaning qisqa vaqt ichida o‘z faoliyatini kengaytirib, raqobatbardosh ishlab chiqaruvchiga aylanganidan dalolat beradi.
Umuman olganda, oilaviy tashabbus va mehnatsevarlik asosida yaratilgan bu kabi korxonalar tuman iqtisodiyotini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.