Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xususiy bandlik agentliklariga yangi huquqlar berildi
22:21 / 2025-11-12

O‘zbekiston Respublikasida mehnat munosabatlarini takomillashtirish, ish beruvchi va xodimlar manfaatlarini mutanosib himoya qilish maqsadida Mehnat kodeksi hamda ayrim qonun hujjatlariga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun bilan Migratsiya agentligining vakolatlari aniqlashtirildi, xususiy bandlik agentliklarining huquq va majburiyatlari kengaytirildi, shuningdek, ish vaqtidan tashqari mehnat uchun haq to‘lash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritildi.

Yangi qonunga muvofiq, xususiy bandlik agentliklariga quyidagi yangi huquqlar berildi. Xususan, ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunar va chet tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini belgilangan tartibda tashkil etish, mazkur jarayonga chet ellik ish beruvchilarni jalb qilish, zaxira mablag‘larini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirish hamda ulardan olinadigan foiz daromadlarini mustaqil ravishda tasarruf etish imkoniyati yaratildi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur o‘zgartishlar mehnat bozorida xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, xorijiy ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari mehnatning davomiyligi yiliga 120 soatdan oshmasligi haqidagi talab chiqarib tashlandi.

Bu o‘zgarish ish beruvchilar uchun mehnat jarayonini yanada elastik va samarali tashkil etish imkonini bersa, xodimlar uchun mehnatining munosib baholanishiga zamin yaratadi.

Qonunning qabul qilinishi mehnat munosabatlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xodimlar mehnat huquqlarini kafolatli himoya qilish hamda xususiy bandlik agentliklari faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Sh. Mamaturopova, O‘zA