Xushxabar: Saida, Xosiyat va Husayn – jahon olimpiadasida sovrindor boʻldi
Kuni kecha Vengriya poytaxti Budapesht shahrida biologiya fanidan oʻtkazilgan XXX jahon olimpiadasida oʻzbekistonlik oʻquvchilar uchta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Kuni kecha Vengriya poytaxti Budapesht shahrida biologiya fanidan oʻtkazilgan XXX jahon olimpiadasida oʻzbekistonlik oʻquvchilar uchta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Ushbu olimpiada oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan eng muhim nufuzli xalqaro tadbirlardan biridir. Joriy yil unda dunyoning 80ga yaqin davlatidan 300 nafardan ortiq iqtidorli oʻquvchilar ishtirok etdi.
Jumladan, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey oʻquvchilari Saida Valijonova, Xosiyat Qudratova hamda Navoiy akademik litseyi oʻquvchisi Husayn Egamovlar mazkur olimpiadada qatnashib, bronza medallariga sazovor boʻlishdi.
- Taʼlim muassasamiz oʻquvchi yoshlari 2008-yildan buyon kimyo fani boʻyicha oʻtgan qator jahon va xalqaro olimpiadalarda munosib ishtirok etib, bugungacha 50ga yaqin oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritdi, - deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ortiqboy Ishonqulov. – Bu galgi jahon olimpiadasida oʻquvchilarimiz biologiya fanidan ham sovrindorlar safidan joy olgani katta yutugʻimizdir.
Maʼlumki, bugungi kunda mamlakatimizda taʼlim tizimida jadal islohotlar olib borilmoqda. Bu jarayonda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalaridan taʼlim jarayonida oqilona foydalanish yuzasidan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda 300 nafardan ziyod oʻquvchi tahsil olayotgan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey pedagogik jamoasi ham bu borada taʼlim tizimi oldida turgan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirish, yoshlarga xalqaro andozalar darajasida taʼlim berishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari bu jarayonda mamlakatimiz va xorijdagi yetakchi ilm-fan, taʼlim maskanlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Buning natijasida xorijdagi va mamlakatimizdagi nufuzli ilm-fan muassasalarining olimlari hamda pedagoglari taʼlim jarayoniga jalb etilayapti. Dars va mashgʻulotlarni oʻtishda poytaxtimiz va Rossiyadagi oliy oʻquv yurtlarining oʻquv-ilmiy bazalaridan samarali foydalanilayapti.
Maʼlumotlarga koʻra, ayni kunlarda akademik litseyning yana bir guruh yoshlari Fransiya poytaxti Parijda kimyo fanidan oʻtayotgan xalqaro olimpiadada ishtirok etayapti. Demak, xorijdan yoshlarimizning zafarli odimlari haqida xushxabarlar kelishi davom etadi, degan umiddamiz.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi