XUSHXABAR: oʻzbek olimi nufuzli ilmiy tashkilotga aʼzo boʻldi
Ushbu jamiyat, nafaqat, Turkiyada balki, butun dunyoda eng nufuzli ilmiy tashkilotlardan biri hisoblanadi.
OʻzRFA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqulov Turkiyaning Otaturk nomidagi Madaniyat, til va tarix jamiyati aʼzoligiga qabul qilindi.
Ushbu jamiyat, nafaqat, Turkiyada balki, butun dunyoda eng nufuzli ilmiy tashkilotlardan biri hisoblanadi. Jamiyat shafeligida Oʻzbekiston adabiyoti Turkiyada keng targʻib qilinmoqda. Ikki mamlakat olimlari ishtirokida yigirmaga yaqin oʻzbek dostonlari oʻzbek va turk tillarida nashr etilgan. “Oychinor”, “Malika ayyor”, “Mashriqo”, “Rustamxon”, “Erali va Sherali”, “Xushkeldi”, “Balogardon”, “Dalli” kabi dostonlar shular jumlasidandir. Qolaversa, oʻzbek folklorida muhim ahamiyatga ega yana 30 dan ortiq doston chop etilishi rejalashtirilgan.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi adabiy aloqalar yangi bosqichga koʻtarilgan. Ayniqsa, Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻlishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarning yuksalishiga xizmat qilayotir.