Polshaning Kelse shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati yakuniga yetib bormoqda. 22 aprel kuni qizlar o‘rtasida final janglari bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish joiz, bokschi qizlarimiz shu paytgacha jahon chempionatining finaliga qadar yetib bormagan edi. Bugun oltin medal uchun ringga ko‘tarilgan hamyurtlarimiz Nigina O‘ktamova hamda Mohinabonu Abdullayeva o‘zbek boksi tarixiga o‘z nomlarini yozib qoldirdi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Dastlab -54 kg vazn toifasida samarqandlik Nigina O‘ktamova ukrainalik Kristina Lakichukka qarshi ringga chiqdi va 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa u o‘zbek bokschi qizlari orasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan ilk sportchiga aylandi.
Shundan so‘ng Mohinabonu Abdullayeva (-64 kg) ham o‘z jangini o‘tkazdi. Afsuski, rossiyalik Azaliya Aminevaga qarshi bellashuvda yurtdoshimizga biroz omad yetishmadi.
Shunday qilib, bokschi qizlarimiz yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatini 1 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan yakunlaydigan bo‘ldi.
Ertaga yigitlar o‘rtasida ham 2 nafar vakilimiz final jangini o‘tkazadi.