Poytaxtimizdagi Kongress xoll majmuasida “Poytaxt yoshlari” festivali 2 kuni bo‘lib o‘tmoqda.
Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida o‘tkazilayotgan festival doirasida Xushnudbek Xudayberdiyev, Aziza Qurbonova, Lazizbek Hamidov, Nikita Makarenko kabi taniqli blogerlar bilan ochiq muloqot hamda Tik-tok va instagram ijtimoiy tarmog‘i faollari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ochiq muloqotda yoshlarning IT tizimiga nima uchun soliq kerak, degan savoliga O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev quyidagicha javob berdi:


- Soliq, bojxona imtiyozlariga qarshiman, – dedi X.Xudoyberdiyev. – Nima bo‘lishidan qat’i nazar hamma teng bo‘lishi kerak. Bojxona imtiyozi, soliq imtiyozi berildi degani o‘sha soha rivojlanadi, degani emas. Bunga boshqacha chora bo‘lishi kerak. Muammo shundaki, aytaylik Aliga soliq imtiyozi bor, Valiga yo‘q. Muammo shunda. Bunday soliq imtiyozlari bo‘lsa hammaga bo‘lsin, bo‘lmasa hech kimga bo‘lmasin. Bu mening shaxsiy fikrim. Imtiyozlar hammaga teng bo‘lishi kerak. Yashirin hujjatlar bilanmi yoki boshqa tomonlama kimlargadir berilgan imtiyozlar ko‘rib chiqilib, teng darajaga keltirilishi kerak. IT tizimini rivojlantirish bo‘yicha zamonning o‘zi talab qiladi. Buni bozorning o‘zi belgilaydi. Bunga ehtiyoj bormi, yo‘qmi? Pandemiya davrida bunga hammada ehtiyoj bo‘ldi. Bu tizim bozor bilan rivojlanadigan tizim. Buni erkin bozorga solib qo‘ysin. Eng asosiysi, bunga davlat aralashmasin. Bozorning o‘zi bu sohani rivojlantirib yuboradi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA